12:32 / 29.06.2017
7 321

Zirapcha yoxud san’atga qozon to‘nkarish payti keldi-yov

Zirapcha yoxud san’atga qozon to‘nkarish payti keldi-yov
Atrofga kundan-kun fe’l-ro‘yining mazasi qochgan, ovozini eshitgan bedana ham tavba aytib yuboradigan “zirapcha”lar bo‘rondek yopirilib, har iste’dodning oyog‘iga ninadek sanchilayotganmish. Bu “zirapcha”larning ohangini eshitgan tovuqlar tuxumlarini tekinga berishga ham tayyor. Koshki, “domashniy” tuxumlarni “svejiy-svejiy” yutsayu, qurg‘ur ovozi ochilib ketsa.

Aftidan hech foydasi bo‘lmayapti chog‘i, ovozlarini pulning hidini olgan “afsungar”lar orqali tuzatishyapti. Vo ajab, bu tushmagur odamlar nimalarni o‘ylab topishmaydi-ya! Allambaloligini aytmaysizmi?! Nima emish, ularning sehrli tayoqchasi orqali eshak ham hangramay, kuylab yuborar ekan. Ana keyin “zirapcha”lar almoyi-aljoyi kuylarini buralib-buralib, shamga kelib urilgan parvonadek hasrat bilan aytaverishadi. Ularni ko‘rgan o‘ta “sezgir” shinavandalar “Sho‘rlikning kuylashini qarang, yurakdan kuylayapti bechora”, deb qarsaklarni qarsillatib chalaverishadi. Iloji bo‘lsa, peshanalaridan shopillatib o‘pib qo‘yishsa.

Yana deng, ayrim “zirapcha”larga zirapcha kirib ketganmi yo zax tortib, qiliqlarini sovuq urganmi, deyman bir joyda turolmaydi. Goh uyoqdan-buyoqqa Ali akaning itiday chopsa, goh osmonga maymunday sakraydi, shuncha sharmandalikka chidolmagan ter esa tanadan dumalab tushaveradi. Shularga ham achinasan kishi. Jaraq-jaraq pullarni “afsungar”larga berib, o‘zlari “chor-nochor” yirtiq-yamoq kiyimlarda muxlislari tomon otilishadi. Muxlislarga qarayverib, ko‘zguga boqish yodlaridan chiqqanlarining sochini ko‘rsangiz bormi, o‘lib qolasiz. Xuddi xo‘rozning tojiga o‘xshaydi. Aytdim-a, nega xo‘rozlar so‘nggi payt tojsiz tug‘ilyapti deb.

Ha, aytmoqchi, noxush “xushxabarni” eshitdingizmi, yoshi katta “zirapcha”lar ham katta-katta evrilishlar qilayotganmish. Yuzlaridagi “Evropa xaritasini” ko‘rgan muxlislar ularni xushlamay qo‘yayotganidan, “xarita”ni o‘zgartiray deb bechoralar ertayu kech abgor. Yaqinda oynai jahonda otam zamonidagi Alomatxon ismli “zirapcha” xonim chiqib qolsa deng. Otam: “Bir zamonlar Alomatxon degani bo‘lardi, bu o‘shaning qizi bo‘lsa kerak”, desa, o‘zimni kulgidan arang to‘xtatdim. Tabiat qonuni shunday bo‘lsa kerak-da. Avvaliga jo‘ja tovuq bo‘lay deydi, tovuqqa aylangach, jo‘ja bo‘lsam deydi. Ammo hozirgi zamonda tovuqni jo‘jaga aylantirib qo‘yish ish bo‘lmay qoldi. Puling bo‘lsa, yo “zirapcha” bo‘lasan, yo “jo‘ja”.

Bu ona suti og‘zidan ketmagan “zirapcha”lar o‘zidan bir qarasangiz, afrikalikni, bir qarasangiz, evropalikni “yasab” olayotganini ko‘rib, jig‘ibiyron ham bo‘lasiz. Ikki yil burun ko‘rgan oppoqqina, qo‘ng‘iroqsoch oyimcha tamoman boshqacha. Voy, ishonmaysiz, onasi bir yil sudma-sud “zirapcha”mni o‘zimga qaytaring, deb dod solib yurdi. Endi kech. Ona qizini tanimaydi, qiz onasi tuqqan qiyofaga qoniqmaydi. O‘-ho‘, ne kunlarga qoldi kunimiz-a...

Bu “zirapcha”larning ovoziyu, qiliqlariga bir kuysangiz, musiqasida aytilayotgan so‘zlarga ming kuyasiz. Qo‘shiq so‘zlarini yozganlar kitobni teskari o‘qishgan shekilli, yo‘qsa, beo‘xshov, mantiqning doirasidan chiqib ketgan jumlalar qaydan ham yaralardi.

Boshlagandan so‘ng endi hammasini aytib qolaylik. Tunov kuni bip-binoyiday deb yurgan Karomat degan “zirapcha”oyning bir to‘yda ko‘rsatgan karomatiga ko‘zim uyalganidan oqib tushay, labimga uchuq toshay dedi. Uzoqdan xushro‘yroq ko‘rinadigan bu xonimcha xurmachasidan to‘lib-toshguncha ichgan bir baqaloq amaki bilan chunonam raqs tushdiki, xursandligidan qorniga sig‘may ketgan amaki cho‘ntagiga “sig‘may” qolgan pullarini Karomatxonning boshidan zarday sochdi. Bir chekkada qutiday matoh jonini berib, bor ovozda baralla javrayveradi, bu esa qo‘lidagi matohni og‘ziga yaqin keltirib, qoshini, aniqrog‘i, ko‘zining yuqorirog‘iga ammamning buzog‘idan ham qimmat turadigan qalam bilan bo‘yalgan chiziqni zo‘rg‘a ikki-uch marta ko‘tardiyu, eshagiga yarasha tushovi bo‘lgach, sollanib orqasiga ketdi.

Shu deyman, bu “zirapcha”lar o‘zi jimitdek bo‘lsayam, olamni buzaman, deydi-da. Bilmadim-u, bunday ketishda allada aziz, to‘rvada mayizdek “e’zozli” “zirapcha”larimiz yanada ko‘payib, san’atga qozon to‘nkarishadi-yov.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zirapcha yoxud san’atga qozon to‘nkarish payti keldi-yov