09:06 / 13.09.2017
6 251

Omonat g‘or siri (2-qism)

Omonat g‘or siri (2-qism)
Mashinalar turadigan joyga yetib Xosiyat bibi to‘xtadi va ortiga burilib Lolaga: “Qani?” degandek bosh silkidi. Qiz atrofiga alangladi, biroq boyagi oppoq “Neksiya” joyida yo‘q edi. “Xudoga shukr-e”, — xayolidan o‘tkazdi qiz va yelkasini qisdi.

— Numiri nechchi? Qaraganmiding numiriga?! — dag‘dag‘a qildi Xosiyat bibi.

Lola kalovlanib uning yuziga termildi, “Hozirgina shu yerda edi, ketib qolibdi”, demoqchi bo‘ldi-yu, aytolmadi, “qult” etib yutindi. Xosiyat bibining ko‘zlari chaqchaydi. Bir qadam oldinga tashlab, panshaxaday qo‘llari bilan Lolaning nozik yuziga qarsillatib tarsaki tortdi. Qiz shunday bo‘lishini bilar, bunga hatto tayyor ham edi. Ammo tarsakining zarbidan oyoqlari chalkashib ketib, yoniga quladi. Ro‘moli boshidan tushib, sochlari yoyilib ketdi. Xosiyat bibi esa, battar tutaqdi.

— Hali san sochingni yoyib yuribmisan?! — deya qichqirib qizning biqiniga ikki tepdi. Lekin uchinchi bor tepishga ulgurmadi, uzoqdan mojaroni kuzatib turgan militsioner yugurib kelib, «lo‘liboshi»ning qo‘lidan ushlab qoldi.

— Ako, komandi-ir, — iljaydi Xosiyat, — mani tanimabsiz-da.

— Taniyman, — dedi militsioner qovog‘ini uyib, — lekin tartibni buzmang. Nima gap bo‘lsa uylaringga borib olib, keyin orani ochiq qilinglar.

— Xo‘p, ako komandir, siz boring, biz gaplashib olaveramiz, — deya Xosiyat bibi tuproqqa belanib yotgan qizni o‘zining erkakcha so‘kishlari bilan yana biroz siyladi-da, bozordagi joyiga qarab ketdi.

* * *

— Kimni ko‘rib qolding? — qo‘lida ikkita yelim xaltacha ko‘tarib olgan Doniyor Boburning yoniga kelib so‘radi.

— Hech kimni, — deya nigohini lo‘li qizdan uzdi Bobur va sekin mashinasiga o‘tirdi, — bitta lo‘li tilanib keldi, cho‘ntagimni kavlasam, voobshe mayda pulim yo‘q. Tirg‘alaverganidan keyin ey, bor-ey, deb bitta mingtalikni basharasiga otib yuborgandim, rangi bo‘zarib, qaytarib o‘zimga otsa bo‘ladimi? Duxi baland ekan.

— Shunga boyadan beri qoqqan qoziqday serrayib termilib turganmiding? Undan ko‘ra shefning buyrug‘ini nima qilamiz, o‘yladingmi? — deya Doniyor cho‘ntagidan sigareta olib labiga qistirdi.

Bobur yon-atrofga qarab olib, orada basharasi tirishib sigaret tutatayotgan Doniyorga ko‘z tashladi-da, mashinani yurgizdi.

— Nima qilishgayam hayronman, — dedi u parishon holatda.

— Menda bitta zo‘r fikr bor, balki shuni qilarmiz? — Doniyor mashina oynasini tushirib, sigareta ushlagan qo‘lini bukib, tirsagini tashqariga chiqarib oldi.

— Ayt-chi, — dedi Bobur yo‘ldan ko‘zini uzmay.

— Shefning kichik qizi — Lazokat kakraz ertaga Chimkentga ketadi. Biz undan oldinroq boramiz-da, molni u o‘tirgan moshinaga yashirib qo‘yamiz. Uning o‘zi bu yoqqa o‘tkazib berganini bilmay qoladi. Qarabsanki, ish bitdi — eshak suvdan o‘tdi.

— Miyang joyidami sening? Shef bilib qolsa, terimizni shiladi-ku! Keyin chegarada shefingmi, boshqangmi — qarab o‘tirmaydi.

— Men…

— Qo‘y, bunaqa gapni bir aytding, boshqa og‘zingga olma, — deya uning gapini cho‘rt kesdi Bobur.

Shundan so‘ng oraga jimlik tushdi. Ikkisi ham o‘z xayollari bilan band bo‘lishdi. Boburning miyasida lo‘li qizning: “Pulingiz boshingizdan qolsin”, degan gapi aylanardi. “Qarg‘ab ketgan bo‘lsa-ya, yo‘g‘-e, lo‘lining qarg‘ishi o‘tmaydi, deyishadi-ku… O‘tsa-chi? Lekin qomati kelishgan ekan. Ko‘kraklari joningni sug‘urib olaman, deydi. Qiziq, lo‘lilarning bunaqasini hech ko‘rmagandim. Oppoqqina, kiyimlariyam toza, tishlari yaltiraydi, atirning hidi keladimi-yey… Yo‘q, aniq, u lo‘li emas, o‘zini lo‘lilikka solib yuribdi, shekilli…”. Xayol olib qochib, yigit ruldaligini butkul unutgan edi. Aksiga olganday, Doniyor ham yo‘l yoqasidagi qizlardan ko‘zini uzmas, biri-biridan suluv qizlarga yutoqib qarar, shirin entikib qo‘yar, mashinaning esa yo‘ldan chiqib ketayotganini sezmayotgandi.

Bir mahal Bobur o‘tirgan o‘rindiq tagidan chiyillagan tovush chiqdi. U cho‘chib ketdi va birdan ko‘zi ro‘parasidagi “KamAZ”ga tushdi.

— O‘ldik!!! — deya baqirgancha rulni o‘ng tomonga burdi. Baxtga qarshi, ro‘paradan yelday uchib “Tiko” kelardi… Keyin nima bo‘lganini Bobur anglayolmaydi. «Qasir-qusur» tovushlarni, kimlarningdir baqirgani-yu mashinaning bir yonboshga og‘ayotganini elas-elas eslaydi. Ko‘z oldini tuman qopladi, so‘ngra butun borliq zulmat qo‘yniga singib ketdi…

U yig‘i tovushidan uyg‘onib ketdi. Ko‘zini ochmoqchi bo‘ldi, ocholmadi. “Nima bo‘layapti?” degan fikr o‘tdi xayolidan. Ko‘zini bosib turgan narsani olib tashlamoqchi bo‘lib qo‘lini ko‘tarishga urindi, biroq qo‘li qimirlamadi. So‘ng oyog‘ida ham jon yo‘qligini sezdi. “O‘lib qolgan bo‘lsam-a!” degan o‘ydan qo‘rqib ketdi va baqirmoqchi bo‘ldi, biroq ovozi chiqmadi. Xayolida qulog‘idan boshqa bironta ham a’zosi ishlamayotganday. “Haqiqatan ham o‘libman. O‘lganlar faqat eshitsa kerak… To‘xta, nega o‘lar ekanman? Kim meni o‘ldirdi? Qanday qilib?” Keyin boshida qattiq og‘riq turdi. Bobur beixtiyor o‘kirib yubordi. Bo‘g‘zidan bu safar tovush chiqdi.

Nuriddin ISMOILOV

(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Omonat g‘or siri (2-qism)