10:27 / 13.07.2018
9 113

… Meni unutibsiz, deding tunov kun…

… Meni unutibsiz, deding tunov kun…
HUSN
Ko‘rdim, ko‘rib qoldim uning gul yuzin,
Dilimda ulg‘aydi g‘alati vulqon.
Odamning ko‘ziga sanchilgan husn
Koshkiydi yurakdan oqizmasa qon.

Juda ham qiynalib ketdi bu jonim,
Koshki hammasini unuta olsam.
Koshki o‘tib ketsa telba shu onim,
O‘zimni o‘ziga tanita olsam.

O‘tib borayotir alamli kunlar,
Duduq dil aytolmas eng muhim so‘zni –
Boshqa gul nigohlar ranjimasinlar,
Ko‘z faqat ko‘rarkan sanchilgan yuzni.

IQROR
Meni unutibsiz, deding tunov kun,
Bekor gap, Majnunga o‘xshadim sen deb.
Yuragim ichida pishqirdi to‘lqin,
Men asli olamda yashadim sen deb.

O‘likdi, bir lahza jon qildi sevgi,
Lahzayu abadiy on qildi sevgi.
Yurakka botirib qon qildi sevgi,
Men shu tig‘ — qalamda yashadim sen deb.

Dardlarga qorishiq soy oqdi menga.
Tunlari oltalash oy boqdi menga,
Orzu gilamida joy yo‘qdi menga…
Voh, qonli gilamda yashadim sen deb.

Mag‘lubman va lekin o‘chim bo‘lmadi,
Senga sendan boshqa yechim bo‘lmadi.
Ko‘zlarim kuldiyu ichim kulmadi,
Men butkul alamda yashadim sen deb.

… Meni unutibsiz, deding tunov kun,
Men asli olamda yashadim sen deb.
Xayrulla Hamidov

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » … Meni unutibsiz, deding tunov kun…