O‘zbekistonda 170 dan ortiq madaniyat ob’yekti xususiy boshqaruvga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda 170 dan ortiq madaniyat ob’yekti xususiy boshqaruvga o‘tkaziladi
Madaniyat va san’at sohasidagi 170 dan ortiq davlat ob’yekti faoliyat turini saqlab qolish sharti bilan xususiy boshqaruvga o‘tkaziladi, deya xabar qilmoqda Adliya vazirligi.

Qayd etilishicha, «Madaniyat va san’at sohasidagi davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki ob’yektlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan 172 ta davlat mulki ob’yektining ro‘yxati tasdiqlandi.

Qarorga asosan, madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari va boshqalarni o‘z ichiga olgan ob’yektlar o‘z faoliyat turlarini saqlab qolish sharti bilan o‘tkaziladi.

Tashabbuskorlarga madaniyat va san’at sohasiga yaqin bo‘lgan:
- xizmat ko‘rsatish;
- kichik ishlab chiqarish;
- savdo faoliyati turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.

Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan kelishmasdan ularning tizimidagi kinoteatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, teatrlar, bolalar musiqa va san’at maktablarining ko‘chmas mulklarini xususiylashtirish va yer maydonlarini mahalliy hokimliklar zaxirasiga olishga ruxsat berilmaydi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar