«O‘zbekfilm» 22,9 million yevrolik kredit sabab garovda

«O‘zbekfilm» kinostudiyasining 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati bor. Shu sababli studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham kredit uchun garovga qo‘yilgan. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, kinostudiyaning soliqlar bo‘yicha qarzi ham qariyb 1 milliard so‘mdan oshgan. Shu sababli uning balansidagi 12 ta avtomobil 12 kun ichida auksionga chiqarilishi xavfi mavjud. Bundan tashqari, xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar to‘plangan.
Ahmedovning ta’kidlashicha, «O‘zbekfilm» o‘z faoliyatini barqaror davom ettirishi uchun yiliga kamida 60 milliard so‘mlik buyurtmalarni bajarishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, studiya amalda davlat buyurtmalariga qaram holatga kelib qolgan va hozircha to‘liq shakllangan biznes modeli mavjud emas.
Kinematografiya agentligi rahbari «O‘zbekfilm»ni nafaqat qarzlardan chiqarish, balki uni tubdan isloh qilish zarurligini ta’kidlagan. Rejaga ko‘ra, studiya moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, xususiy investitsiyalar va xalqaro hamkorlikni jalb qila oladigan milliy kino kompaniyasiga aylantirilishi kerak.
Ahmedov «O‘zbekfilm»ni oddiy kinostudiya emas, balki o‘zbek kinosining ko‘p yillik tarixini o‘zida mujassam etgan muhim muassasa sifatida baholagan. Shu bois asosiy vazifa studiyani shunchaki saqlab qolish emas, balki uni yangi biznes va bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish ekani qayd etilgan.






























Izohlar 0
…