Olimlar to‘rt qanotli yangi dinozavr turini aniqladi

Olimlar to‘rt qanotli yangi dinozavr turini aniqladi

Xitoyning Lyaonin viloyatidan topilgan juda yaxshi saqlangan skelet avval noma’lum bo‘lgan Norellraptor barsboldi nomli dinozavr turiga tegishli ekani aniqlandi. Uning uzunligi 57 santimetr bo‘lgan. Tadqiqot natijalari Nature Communications jurnalida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, skelet mahalliy fermer tomonidan topilgan. Qazilmada dinozavrning old va orqa oyoqlari hamda dumidagi patlarning izlari ham saqlanib qolgan. Shu sababli u «to‘rt qanotli» dinozavrlar qatoriga kiritilmoqda.

Norellraptor barsboldi kichik yirtqich dinozavrlar guruhi — mikroraptorinlarga mansub bo‘lgan. Olimlar uning uzun patli oyoqlari daraxtdan daraxtga sirg‘alib o‘tishga moslashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq dinozavrning faol ravishda ucha olgani hozircha aniq tasdiqlanmagan.

Topilmaning asosiy ahamiyati shundaki, uning parvoz bilan bog‘liq belgilari ilk qushlardagi o‘xshash xususiyatlar bilan solishtirilgan. Tadqiqotchilar ayrim belgilar ikki guruhda ham paydo bo‘lganini, ammo ular turli ketma-ketlikda shakllanganini aniqlagan.

Toshga qotgan dinozavr skeleti rangli raqamli belgilar bilan ko‘rsatilgan.

Bu esa parvoz qilish qobiliyati qushlar va ularga yaqin ayrim dinozavrlar guruhlarida bir-biridan mustaqil ravishda rivojlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariyani qo‘llab-quvvatlaydi.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, yangi qazilmalar va suyaklarning o‘sishiga oid qo‘shimcha tadqiqotlar bu evolyutsion jarayon qanchalik keng tarqalganini aniqlashga yordam beradi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar