date
views 1 283

Toshkentda bir kishining oylik xarajati $484 ni tashkil qiladi

Toshkentda bir kishining oylik xarajati $484 ni tashkil qiladi
Numbeo platformasi har yili tuzadigan hayot narxi indeksida O‘zbekiston 127-o‘rinni egalladi, deb UPL.uz xabar berdi.

2025 yilda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston indeksi 100 ballik shkalada 24,2 ni tashkil etdi. Taqqoslash uchun Nyu-Yorkning indeksi 100 deb qabul qilingan. Bu shuni anglatadiki, agar mamlakat indeksi 100 dan yuqori bo‘lsa, yashash xarajatlari (ijaradan tashqari) Nyu-Yorkdagidan ham yuqori bo‘ladi. Masalan, 120 indeksga ega davlatda kundalik xarajatlar Nyu-Yorkdan 20% qimmat bo‘ladi.

Toshkentda bir kishi uchun oylik xarajat (ijarasiz) taxminan $484 (taxminan 6 260 000 so‘m), to‘rt kishilik oila uchun esa $1 643 (taxminan 21 240 000 so‘m) ni tashkil etadi.

Mintaqaviy reytingda O‘zbekistonni qo‘shni Qozog‘iston (116-o‘rin) va Qirg‘iziston (118-o‘rin) ortda qoldirdi. Biroq, xavfsizlik indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 72,1 ball bilan 27-o‘rinni egalladi. Bu esa fuqarolar va sayyohlar o‘zlarini xavfsiz his qilayotganini, huquq-tartibot idoralari yaxshi ishlayotganini ko‘rsatadi.

Aholining xarid qobiliyati indeksi 44,5 ball bo‘lib, bu fuqarolarning imkoniyatlari o‘rtacha ekanini bildiradi.

Tadqiqotga ko‘ra, dunyodagi eng qimmat yashash hududlari — Amerika Virgin orollari va Shveysariya (indeksi 98,4), uchinchi o‘rinda esa Islandiya (83,4) joylashgan. Reytingning eng pastida Pokiston, Liviya va Misr turibdi — bu davlatlarda yashash eng arzon deb baholangan.

Numbeo tahlilchilari ushbu reytingni shakllantirishda dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar taqdim etgan mahsulot, uy-joy, transport va kommunal xizmatlar narxlarini o‘rganishgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekiston jahon tinchlik va xavfsizlik indeksida 163 mamlakat orasida 60-o‘rinni egallab, 26 pog‘ona yuqorilagan. MDH davlatlari orasida Qozog‘iston (59), Tojikiston (72), Qirg‘iziston (78) va Turkmaniston (83) o‘rin olgan.

Hayot narxi past bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonda xavfsizlik darajasi yuqori va bu omil mamlakatni yashash hamda sayohat uchun jozibador qiladi. 2024 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ommabop 10 turistik yo‘nalish qatoridan joy oldi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda bir kishining oylik xarajati $484 ni tashkil qiladi