date

Furqatda yig‘ilishdan so‘ng halok bo‘lgan rais haligacha muhokamada

Furqatda yig‘ilishdan so‘ng halok bo‘lgan rais haligacha muhokamada
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida sodir bo‘lgan so‘nggi voqea jamoatchilik orasida jiddiy muhokamalar va turli shubhalarni keltirib chiqardi. Kaldushon mahallasi raisi Sharifjon Abdullayev tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishdan chiqqach, to‘satdan o‘zini yomon his qilgan va shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Bu holat ko‘pchilikning qalbini hira qildi, ijtimoiy tarmoqlarda esa turli taxmin va qarama-qarshi fikrlar avj oldi.

Muhokama markazida — tuman hokimi Elyor Asronqulov tomonidan tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilish. Rasmiy bayonotlarga ko‘ra, 2025 yil 18 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda tumanning barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etgan va ularga belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan. Yig‘ilishda tanqidiy mulohazalar bildirilgani aytilsa-da, hokimlik matbuot xizmati bildirishicha, hech qanday haqoratli yoki shaxsiyatga tegadigan so‘zlar ishlatilmagan.

Shu yig‘ilish davomida Kaldushon mahallasi raisi Sharifjon Abdullayev sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar borligini bildirib, lavozimdan ketish niyati borligini aytgan va yig‘ilishni tark etgan. Tashqi hovlida u o‘zini yomon his qilgan, shundan so‘ng tez tibbiy yordam chaqirilgan. Ammo tibbiyot birlashmasining barcha sa’y-harakatlariga qaramasdan, u shifoxonada vafot etgan.

Bu voqea jamoatchilikda katta ta’sir qoldirdi. Turli ijtimoiy platformalarda tarqalgan xabarlarda, go‘yoki tuman hokimi tomonidan yig‘ilish paytida qattiq qo‘pollik qilingani, raisning so‘nggi qarari va salomatligiga ana shu bosim sabab bo‘lgani haqida iddaolar yangragan. Ba’zi internet foydalanuvchilari, hatto, raisning vafotini to‘g‘ridan to‘g‘ri hokimga bog‘lashga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar bu fikrlarni keskin rad etmoqda.

Furqat tumani hokimligi bu shov-shuvli voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda ta’kidlanishicha, yig‘ilishda hech qanday qo‘pol muomala yoki haqoratga yo‘l qo‘yilmagan. Aksincha, fuqarolar yig‘inlari raislari oldida turgan vazifalarning ahamiyati yana bir bor qayd etilgan, ularni mas’uliyat bilan bajarish lozimligi uqtirilgan. Abdullayev esa sog‘ligi tufayli ishdan ketish niyati borligini bildirgan.

Shu bilan birga, tuman tibbiyot birlashmasi ham ushbu holat yuzasidan bildiruv berdi. Ular ma’lum qilishicha, bemor shoshilinch tibbiy yordam orqali shifoxonaga olib kelingan, ammo yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq jiddiy kasallik oqibatida hayotini yo‘qotgan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Sharifjon Abdullayev mahallada obro‘li, ko‘p yillik tajribaga ega faol raislardan biri bo‘lgan. Uning faoliyati davomida mahallada bir qator ijtimoiy loyihalar amalga oshirilgani, aholi muammolariga befarq bo‘lmagani ko‘p bora ta’kidlangan.

Hozirda uning vafoti yuzasidan rasmiy surishtiruv ishlari olib borilayotgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. Ammo jamoatchilik fikri shunday holatlarga aniqlik kiritilishini talab qilmoqda. Chunki bu kabi voqealar faqat bir inson taqdiri bilan emas, balki butun jamiyatdagi ishonch va muhit bilan bog‘liq.

Shunisi aniqki, mahalla raislari — aholi va hokimiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradigan muhim shaxslardir. Ularning qadrini bilish, ruhiy va jismoniy holatini e’tiborsiz qoldirmaslik davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi lozim. Tanqidga asoslangan yig‘ilishlar har qancha zarur bo‘lmasin, ular insonparvarlik tamoyillari asosida olib borilishi darkor.

Furqat tumanida sodir bo‘lgan ushbu holat esa nafaqat mahalliy, balki mamlakat miqyosidagi dolzarb masalaga aylandi. Maxsus komissiya tashkil etilishi, aniq va xolis xulosalar chiqarilishi jamoatchilik talab qilinayotgan asosiy masalalardan biridir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Furqatda yig‘ilishdan so‘ng halok bo‘lgan rais haligacha muhokamada