date

O‘zbekiston xavfsizlikda dunyodagi 25 ta yetakchi mamlakat qatoridan joy oldi

O‘zbekiston xavfsizlikda dunyodagi 25 ta yetakchi mamlakat qatoridan joy oldi
2025 yilning ilk yarmida xalqaro tahlilchi ekspertlar e’tirof etgan yana bir maqom O‘zbekiston nomiga qayd etildi. Xavfsizlik bo‘yicha global reytingda yurtimiz eng xavfsiz 25 ta davlat qatorida mustahkam o‘rin egalladi. Bu haqda bir qator mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi.

Numbeo — dunyodagi eng yirik statistik ma’lumotlar bazasiga ega kraudsorsing platformalaridan biri hisoblanadi. U har yili dunyoning yuzlab shahar va mamlakatlari bo‘yicha foydalanuvchilarning shaxsiy fikrlari va taassurotlari asosida reytinglar tuzadi. Bu yil ham bu yo‘ldan qaytilmadi.

Tuzilgan reyting to‘liq rasmiy statistikalarga emas, balki aholi va sayyohlarning shaxsiy idroki, ya’ni o‘zini qanchalik xavfsiz yoki tahlikali his qilgan holatlariga tayanib shakllantirilgan.

Bunda qator parametrlar e’tiborga olingan: kunduzi va kechasi ko‘chaga chiqishdagi xavfsizlik darajasi, o‘g‘irlik, qo‘pol muomala, jismoniy hujumlar, mulkiy jinoyatlar yoki zo‘ravonlik holatlarining ehtimoli. Har bir respondent o‘z tajribasi va tushunchasiga asoslangan holda savolnomalarga javob bergan.

Xavfsizlik indeksi va jinoyatchilik indeksi 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkalada baholanadi. Bu ko‘rsatkichda xavfsizlik necha yuqori bo‘lsa, mamlakatda vaziyat shuncha tinch, barqaror va jinoyatsiz hisoblanadi.

O‘zbekiston 73,4 balllik xavfsizlik indeksi bilan 148 mamlakat orasida 25-pog‘onaga joylashdi. Bu esa xalqaro miqyosda katta yutuq sifatida baholanishi mumkin. Jinoyatchilik indeksi esa 26,6 ni tashkil etgan — bu nisbatan past daraja bo‘lib, fuqarolar o‘zini xotirjam his qilishini anglatadi.

Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkichlar ko‘plab rivojlangan davlatlardan ham yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Masalan, Yaponiya, Fransiya, Germaniya kabi mamlakatlar O‘zbekistondan orqada qolgan.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida ham yurtimiz yetakchilikni qo‘lga kiritgan. Qozog‘iston 73-o‘rin (54,4 indeks), Qirg‘iziston esa 101-o‘rin (48 indeks) bilan top reytingda ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar mintaqada xavfsizlik bo‘yicha yetakchilikka O‘zbekistonni olib chiqqanini tasdiqlaydi.

Reytingning yuqori pog‘onalarida Birlashgan Arab Amirliklari, Andorra va Qatar kabi davlatlar turibdi. Ularning xavfsizlik siyosatidagi qat’iy yondashuvlari ko‘pchilikka namuna bo‘lmoqda.

Ro‘yxatning eng oxirida esa Gaiti, Papua-Yangi Gvineya va Venesuela kabi siyosiy va ijtimoiy beqarorlikka yuz tutgan mamlakatlar joy olgan. Bu davlatlarda jinoyatchilik darajasi yuqori, aholi va sayyohlar uchun xavf hanuz saqlanib qolmoqda.

Numbeo tahlilchilari ta’kidlashicha, ushbu ma’lumotlar aholining shaxsiy fikrlari, kundalik tajribalari va sezgi taassurotlari asosida yig‘ilgan. Ya’ni reytingni davlatlar statistikasi bilan chalkashtirish kerak emas. Ammo aynan odamlar qanday his qilsa — jamiyatning haqiqiy kayfiyatini ham shu bildiradi.

Mutasaddilar ushbu yutuq O‘zbekistonning so‘nggi yillarda huquq-tartibot idoralari ishini isloh qilish, profilaktik tadbirlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rgan chora-tadbirlar samarasi ekanini ta’kidlamoqda.

Qo‘shimcha qilib aytish joizki, turizm, sarmoya va xalqaro nufuz uchun bunday reytinglardagi yuqori natija alohida ahamiyatga ega. Bu mamlakatdagi barqarorlikni ko‘rsatibgina qolmay, uning tashqi dunyodagi imiji va investitsion jozibadorligini ham oshiradi.

Fuqarolarning ko‘chada bemalol yurishi, kechasi hordiq chiqarish, bolalarni erkin maktabga yuborish imkoniyati — bularning bari xavfsiz jamiyat mezonlari sifatida qaraladi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston aholisi o‘zini nisbatan tinch va xotirjam his qilmoqda, degan xulosaga kelish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston xavfsizlikda dunyodagi 25 ta yetakchi mamlakat qatoridan joy oldi