Pekin shahrida 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy rahbari Si Szinpinning rasmiy delegatsiya a’zolari ishtirokida keng ko‘lamli muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari to‘liq muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni va xitoy xalqini G‘alabaning 80-yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanzin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy tabrikladi. O‘zbekiston Prezidenti shu bilan birga Xitoy rahbari tomonidan ilgari surilgan global boshqaruv tashabbusi ahamiyatli va dolzarb ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat munosabatlarida o‘tgan yillarda katta yutuqlarga erishilganini qayd etishdi. Barcha darajalardagi aloqalarning sur’ati ortib borayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar o‘zaro qo‘llab-quvvatlayotgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, “Yagona Xitoy” siyosati va terrorizm, ekstremizm hamda separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.
Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Misol uchun, o‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshgan, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sish qayd etildi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali ushbu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish maqsad qilingan. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ortiqni tashkil etib, 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan oshgan 64 ta loyiha ishga tushirildi. O‘zbekiston hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, shuningdek, BYD elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi ortirilmoqda.
Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi. Innovatsion loyihalarni ilgari surish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston va Xitoy tomonidan sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston strategik temiryo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani ham mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi, Sian neft universiteti filiali ochish to‘g‘risida bitim imzolandi, Pekin texnologiya instituti filiali ochilishi rejalashtirilmoqda. Joriy yilda O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va yoshlarni o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfusiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, O‘zbekiston hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan “Lu Ban ustaxonalari” tashkil etiladi.
Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif doirasida madaniy markazlar ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinishi ham rejalashtirilgan.
Uchrashuv davomida xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, “Markaziy Osiyo—Xitoy” formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbarini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi va ikki tomonlama hamkorlik istiqbolini yanada rivojlantirishda qat’iy ekanligini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!