Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar orasida jinoyatchilik holatlari tobora koʻpayib borayotgani Senatning 10-yalpi majlisida muhokama qilindi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning dastlabki yarmida 102 ta oliygohning 307 talabasi turli jinoyatlarda ishtirok etgan.
Solishtirish uchun, 2024 yilda talabalar ishtirokida 761 ta jinoyat qayd etilgan edi. Bu yilning atigi olti oyi ichidagi raqamlar esa holatning qay darajada jiddiylashganini koʻrsatadi.
Sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismini yoʻl-transport hodisalari, oʻgʻrilik, bezorilik, firibgarlik va turli tan jarohatlari tashkil etgan. Geografik kesimda esa eng koʻp qoidabuzarliklar poytaxt va yirik hududlarda — Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Fargʻona hamda Surxondaryo viloyatlarida sodir etilgan.
Oliygohlar boʻyicha esa Toshkent davlat transport universiteti, Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yetakchi oʻrinlarni egallagan.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, koʻp hollarda jinoyatlar talabalarni oʻqish jarayonidagi boʻsh vaqtlarida, yaʼni soat 08:00 dan 16:00 gacha sodir etilgan. Bu esa taʼlim muassasalarida nazoratning yetarli darajada emasligidan dalolat beradi.
Shuningdek, senatorlar talabalar uchun turar joylar va ularning nazoratida ham jiddiy kamchiliklar mavjudligini qoʻshimcha ravishda taʼkidlashdi. 2021 yilda qabul qilingan qarorga koʻra, har bir talabaga tyutor biriktirilishi lozim edi. Biroq koʻpgina oliygohlarda bu talablarga rioya qilinmayapti.
Faqat talabalar emas, balki sohaga aloqador masʼul shaxslarga nisbatan ham korrupsiya bilan bogʻliq jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi. Bu esa aholida adolatsizlikka qarshi shikoyatlar va noroziliklarni kuchaytirmoqda.
Muhokama yakunida Senat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipovga parlament soʻrovi yuborish haqida qaror qabul qildi. Maqsad — talabalar orasida jinoyatchilikning oldini olish va tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!