date

Maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha yangi darslar kiritiladi

Maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha yangi darslar kiritiladi

Yuqori sinflarda endi sun’iy intellekt (AI) bo‘yicha maxsus darslar yo‘lga qo‘yiladi, bu orqali iqtidorli o‘quvchilarga yangi imkoniyatlar va kelajakdagi kasbiy rivojlanish uchun sharoitlar yaratiladi. Bu haqda 9-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2024-yildan boshlab 1-sinflar uchun axborot texnologiyalari darslari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflarda sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus darslar ham joriy etiladi. Bu qadam orqali yoshlar zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirib, murakkab masalalarni yechish qobiliyatini rivojlantirishi ko‘zda tutilgan.

Bu dastur uchun mamlakatdagi 2 mingta sinf xonasi kompyuterlar bilan jihozlanishi va 6 ming 300 ta interfaol doska o‘rnatilishi zarur bo‘ladi. Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, mazkur ehtiyojlar uchun zarur mablag‘lar keyingi yil davlat byudjetiga kiritilishi rejalashtirilgan.

Iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilarga maksimal sharoit yaratish maqsadida, viloyatlarda axborot texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan Al-Xorazmiy maktabi, muhandislik yo‘nalishi bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek maktabi va tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktabi filiallari tashkil etiladi. Bu maktablar hududdagi tegishli texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi va muvaffaqiyatli bitiruvchilar ularning 2-kursiga avtomatik ravishda qabul qilinadi.

Shuningdek, 2026-yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari O‘zbekistonda ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari doirasida o‘tkaziladi. Bosh vazirga poytaxtda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada tashkil qilish va barcha tashkiliy jarayonlarni nazoratda ushlab turish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida O‘zbekiston o‘quvchilari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan va ularga qo‘yilgan stavka bo‘yicha jami 10 milliard so‘m, murabbiylar va o‘qituvchilarga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti ajratilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Maktablarda sun’iy intellekt bo‘yicha yangi darslar kiritiladi