Banklar kredit qarzi uchun kartadagi barcha pulni yecha olmaydi

Banklar kredit qarzi uchun kartadagi barcha pulni yecha olmaydi

O‘zbekistonda banklarning mijoz roziligisiz kredit qarzdorligini undirish tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Yangi qoidaga ko‘ra, qarz to‘lovlari yechib olinganidan keyin ham mijozning bank kartalarida belgilangan miqdorda mablag‘ qoldirilishi shart.

Bu haqda Markaziy bankning 9 oktyabr kuni qabul qilingan qarorida belgilangan. Hujjat bank xizmatlari iste’molchilari bilan ishlashga doir amaldagi nizomga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi.

Yangi tartibga muvofiq, mijozning roziligisiz kredit yoki kafillik bo‘yicha qarz undirilganda, uning hisoblarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida yarmi saqlanib qolishi kerak.

Hozirda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 360 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, belgilangan to‘lovlar yechib olinganidan keyin mijozning bank kartalarida kamida 680 ming so‘m qolishi lozim.

Ushbu o‘zgartishlar 2027 yil 10 yanvardan kuchga kiradi. Yangi tartib mijozlarning kredit qarzdorligi undirilganidan keyin ham muayyan miqdorda mablag‘ saqlab qolishini ta’minlashga qaratilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar