date

Toshkent viloyatida 1500-yillik qadimiy ibodatxona topildi

Toshkent viloyatida 1500-yillik qadimiy ibodatxona topildi

Toshkent viloyatidagi Qanqa yodgorligi hududida inson sivilizatsiyasi tarixi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan topilma aniqlandi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda V–VIII asrlarga tegishli qadimiy ibodatxona va harbiy anjomlar topilgan.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar Qanqani “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga aylantirish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Qanqa Turon tarixi uchun o‘ta muhim shahar yodgorligi bo‘lib, ayrim tadqiqotchilar uni “Avesto”da tilga olingan Qang‘desh va “Shohnoma”da eslatilgan Turon shohi Alp Er To‘nga shahri Qang‘dez bilan bog‘laydi.

Institutning “Harbiy tarix markazi” va “Qadimgi dunyo tarixi” bo‘limlari xodimlaridan iborat ilmiy guruh bu yilgi qazuv ishlari chog‘ida yodgorlik arkining quyi qismida joylashgan ibodatxona qoplamini tadqiq etar ekan, metalldan ishlangan qadimiy sovut bo‘laklarini topishdi. Bu buyumlar qadim zamonlarda jangchilar tomonidan ibodatxonaga sovg‘a sifatida topshirilgan bo‘lishi mumkinligi aytiladi.

“Qadim Turon jamiyatida ibodatxonalar faqat diniy markaz emas, balki xalq madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan. Har bir kishi u yerga o‘zining eng qadrli buyumini, mehnat mahsulini yodgorlik sifatida olib borgan. Shunday an’analar Boykend ibodatxonasidagi topilmalar orqali ham o‘z isbotini topgan”, — deyiladi Fanlar akademiyasi xabarida.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Qanqa ibodatxonasida topilgan harbiy anjomlar turkiy xalqlarning harbiy madaniyat va qurol yasash san’ati qanchalik rivojlanganini namoyon etadi. 2021-yildan beri olib borilayotgan qazuv ishlari davomida ibodatxona kirish qismida ot anjomlari ham topilgan. Bu yilgi sovut topilmasi esa turkiy xalqlarning jang san’ati va harbiy an’analarga katta ahamiyat berganini yana bir bor isbotlaydi.

Qanqa yodgorligi nafaqat ilmiy ahamiyatga, balki milliy g‘urur va tarixiy xotirani tiklashda muhim o‘ringa ega. Arxeologlar bu hududni kelajakda sayyohlar uchun ochiq muzeyga aylantirish niyatida.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Misrda ham arxeologlar Kleopatra davriga oid cho‘kkan portni topishgan edi. Ushbu topilma buyuk malika qabrtoshini izlashda yangi yo‘nalish ochishi mumkin. Bu kabi kashfiyotlar insoniyatning uzoq o‘tmishi va madaniy merosi hali ko‘p sirlar bilan to‘la ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkent viloyatida 1500-yillik qadimiy ibodatxona topildi