18 yoshga yetmaganlar uchun nikohda yangi qoida joriy etiladi

O‘zbekistonda nikoh yoshini bir yilga kamaytirish tartibini o‘zgartirish taklif etilmoqda. Yangi qoidaga ko‘ra, bunga faqat homiladorlik yoki farzand tug‘ilishi asos bo‘lishi mumkin.
Bu haqda 11 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda nikoh yoshini kamaytirishga sabab bo‘ladigan boshqa «uzrli holatlar»ni bekor qilish ko‘zda tutilgan.
Bu o‘zgarishga nikoh yoshini pasaytirishdagi ayrim asoslar korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligi sabab bo‘lgan.
Yangi tartib joriy etilsa, 18 yoshga to‘lmaganlar uchun onlayn nikoh arizasi berishda avtomatik cheklov saqlanadi. Faqat hokimning tegishli qarori mavjud bo‘lgandagina ariza topshirish imkoni yaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda 348 ta erta nikohning oldi olingan. Shuningdek, oilaviy nizolarning oldini olish va ajrimlarni kamaytirish bo‘yicha ham yangi choralar belgilanmoqda.
Senat muhokamasi yakunida tegishli qaror qabul qilingan.






























Izohlar 0
…