
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda mazkur yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi. Qayd etilishicha, loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgan bo‘lib, u neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.

Shuningdek, energetika, transport, AT infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod yangi loyihalarni sifatli tayyorlash hamda amalga oshirilayotgan loyihalar natijadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralarda ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, JBIC boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi sheriklik natijalarini yuqori baholab, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.