
20 dekabr kuni Tokioda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya bosh vaziri prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifini har doimgidek yuksak ishonch va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixidagi muhim voqea deb atadi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 33 yil davomida Yaponiya O‘zbekistonning yaqin do‘sti, asosiy texnologik va investitsiyaviy sherigi bo‘lib, respublikada zamonaviy sanoat va energetika infratuzilmasini yaratish hamda inson resurslarini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.
Tovar ayirboshlash, investitsiyalar hajmi va Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar sonining barqaror o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Kyoto Plaza”, “Balcom”, “Shikoku Electric” kabi yetakchi yapon kompaniyalari O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qo‘shma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab olgan.
Muzokaralarda parlamentlardagi “do‘stlik guruhlari”, iqtisodiy hamkorlik qo‘mitalari, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yo‘nalishlarini qayd etdi: “yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, o‘ta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sog‘liqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari e’lon qilindi.
Yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Bir qishloq – bitta mahsulot” dasturining ko‘lamini kengaytirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish imkoniyatlari va yo‘llari, hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasi an’anaviy ravishda ushbu ko‘p qirrali munosabatlarning muhim qismi sanaladi.
Yoshlarga kelgusida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallashiga keng imkoniyatlar taqdim etayotgan O‘zbekiston – Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistondagi 7 ta oliy ta’lim muassasasida yapon tili o‘qitilmoqda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, o‘zbek tili o‘rganilmoqda.
Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Yaponiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi O‘zbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, ko‘rgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam o‘tkazib borish taklif qilindi. Tashrif arafasida Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027 yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari o‘zaro o‘tkaziladi.
Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda O‘zbekiston prezidenti va Yaponiya bosh vaziri Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bu hujjat munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishi va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.
Tashrif doirasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xo‘jaligi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar to‘plami qabul qilindi. Ushbu hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.