date

O‘zbekistonda 2025 yil 15,1 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi yig‘ildi

O‘zbekistonda 2025 yil 15,1 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi yig‘ildi

Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazdi. Unda chiqindilarni boshqarish, sanitariya xizmatlari qamrovi, infratuzilmani rivojlantirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha asosiy natijalar ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, respublikadagi 9 ming 452 ta mahallada yashovchi 37,5 million aholining 8 ming 105 ta mahallasi, ya’ni 23,9 million nafari sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olingan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha jami 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan. Aholi xizmatlar uchun 1 trillion 304 milliard so‘m to‘lov qilgan, debitor qarzdorlik esa 622,7 milliard so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 211,9 milliard so‘mlik noreal debitor qarzdorlik elektron tizimdan chiqarib tashlangani aytildi. Soha shaffofligi uchun “Toza Makon” yagona elektron billing tizimi uzluksiz ishga tushirilgan.

Infratuzilma bo‘yicha 6 ta hududda ekosanoat zonalari, 11 ta hududda 14 ta qayta yuklash punktlarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida chiqindilarni termik usulda qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavodlar barpo etilmoqda. Toshkent shahri hamda Samarqand va Buxoro viloyatlarida tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali issiqlik olish loyihalari ham amalga oshirilmoqda.

Sanitar tozalash korxonalariga 79 ta chiqindi tashish texnikasi va 220 ta konteyner berilgan. 3 ming 230 ta maxsus texnikaga GPS o‘rnatilib, transport harakati va xizmat sifati nazoratga olingan. Shuningdek, 21 ming 300 dan ortiq murojaat o‘rganilgan, ekologik talablarga javob bermagan, umumiy maydoni qariyb 100 gektar bo‘lgan 23 ta chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda 2025 yil 15,1 mln tonnadan ortiq maishiy chiqindi yig‘ildi