Shavkat Mirziyoyev Davosda "Tinchlik kengashi" nizomini imzoladi

22 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shveysariyaning Davos shahrida “Tinchlik kengashi” nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi. Tadbir AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tdi.
Marosimda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarboyjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari hamda tashqi ishlar vazirlari qatnashdi.

Tashabbusning mohiyati va O‘zbekiston pozitsiyasi
Prezident matbuot xizmati ma’lumotida qayd etilishicha, “Tinchlik kengashi”ning tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tuzilma BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.

G‘azo uchun reja va “Yangi G‘azo” g‘oyasi
Xabarda ta’kidlanishicha, “Tinchlik kengashi” mojaroning keskinlashuv xavfini pasaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Bu, o‘z navbatida, farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga tayangan “Yangi G‘azo”ni barpo etish, istiqbolda esa Falastin davlatini tuzish imkoniyatini kengaytirishi mumkinligi qayd etilgan.

O‘zbekiston ta’sischi davlatlar safida
Ma’lumotga ko‘ra, kengash tarkibiga dunyoning turli hududlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar kirgan. Nizom imzolanishi bilan O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi.

Prezident matbuot xizmati bayonotida bu qadam mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga, ta’sischi davlatlar hamda xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini amalda ro‘yobga chiqarishga tayyor ekanini anglatishi ta’kidlanadi.
