Samarqand aeroporti mintaqada eng tez o‘suvchi deb tan olindi

Samarqand xalqaro aeroporti yana bir bor yaxshi xabar bilan kun tartibiga chiqdi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida u “eng jadal rivojlanayotgan aeroport” sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Airport Technology portali Xalqaro aeroportlar kengashi — Airports Council International (ACI) rasmiy ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Eng qizig‘i, bu baholar quruq gaplar emas — raqamlar “o‘zi gapirib turibdi”. Qayd etilishicha, Samarqand aeroportining zamonaviy terminali orqali 2024-yilda 1,38 million yo‘lovchi o‘tgan. Bu esa avvalgi yilga nisbatan 36,6 foizga ko‘p degani. Ya’ni, aeroport nafaqat ishlayapti, balki har yili yangi rekordlarni “qo‘liga olib” ketyapti.
Reytingda keyingi o‘rinda turgan Italiyadagi Olbiya aeroportining o‘sish sur’ati 18,4 foiz bo‘lgani ham alohida ta’kidlanadi. Solishtirish uchun aytadigan bo‘lsak, Samarqanddagi o‘sish sur’ati undan ikki barobardan ham yuqori. Bu daraja — oddiy statistika emas, balki katta ishning natijasi.
Mutaxassislar bu o‘zgarishlarning muhim sabablaridan biri sifatida 2022-yil boshida ishga tushirilgan yangi terminalni ko‘rsatmoqda. Chunki aynan shu terminaldan keyin aeroport yilma-yil barqaror o‘sishni namoyish etib kelmoqda. Uchish-qo‘nishlar soni ham sezilarli oshgan — 23 foizga ko‘paygani qayd etilgan. Demak, faqat yo‘lovchi emas, reyslar dinamikasi ham “tepaga qarab” ketyapti.
Yo‘nalishlar masalasida ham Samarqand aeroporti o‘zini ancha faol tutmoqda. Aeroport reyslar tarmog‘ini 3 ta ichki va 23 ta xalqaro yo‘nalishgacha kengaytirgan. Yaqin vaqtlarda yangi parvozlar ham ochilgan: Sian (Xitoy), Sharm-ash-Shayx (Misr), Turkiston (Qozog‘iston), shuningdek, Rossiyaning Tyumen, Nijniy Novgorod va Irkutsk shaharlariga reyslar yo‘lga qo‘yilgan.
Yana bir muhim fon: Yevropa va Markaziy Osiyo aeroportlari umuman olganda pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlarni ortda qoldirib, jami 2,5 milliard yo‘lovchiga yetgani aytilmoqda. Shu katta raqamlar ichida Samarqandning alohida ajralib chiqishi — har qanday mamlakat uchun nufuz va ishonch belgisi.
Qisqasi, Samarqand aeroporti bugun shunchaki “uchib-qo‘nadigan joy” emas. U mintaqadagi yirik transport markaziga aylanish sari qadam tashlayapti. Agar shu sur’at saqlansa, ertaga yangi yo‘nalishlar, ko‘proq reyslar va yanada kattaroq yo‘lovchi oqimi haqida gapirish oddiy holga aylanadi. Samarqand endi faqat tarix bilan emas, havo qatnovi bilan ham “tezlik” olayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!