22:17 / 15.09.2017
6 005

Forbes Shavkat Mirziyoyevni Xitoy islohotchisi Den Syaopinga qiyosladi

Forbes Shavkat Mirziyoyevni Xitoy islohotchisi Den Syaopinga qiyosladi
14 sentyabr kuni Forbes O‘zbekistondagi islohotlar va Prezident Sh.M.Mirziyoyev yuritayotgan ichki va tashqi siyosatga doir maqolasini chop etdi.

"Xitoyning Ipak yo‘li tashabbusi tufayli Yevroosiyo xaritadagi qaynoq nuqtaga aylandi. Mintaqaning qachonlardir dunyo uchun yopiq bo‘lgan eng ko‘p aholiga ega mamlakati qayta isloh qilinish harakatlarini amalga oshirmoqda. Boshlanishi uchun, mamlakat Markaziy banki o‘z valyutasi - so‘mning qadrini oshirish bo‘yicha ilk qadamlarni tashladi. Bu hatto 5 sentyabr kuni Bloomberg tomonidan qayd etildi.

Markaziy Osiyoning qadimiy davlati hisoblangan O‘zbekistonda hozirda katta iqtisodiy islohotlar kuzatilmoqda. Ko‘p yillar davomida hukmronlik qilgan Islom Karimovdan keyin yangi saylangan prezident Shavkat Mirziyoyev tashqi dunyoga ko‘proq ochilayotgan o‘zbek yetakchisi sifatida qayd etilmoqda.

Mirziyoyev Yevroosiyo kuzatuvchilariga umid bermoqda - mintaqaning yirik harbiy derjavasi nihoyat o‘z iqtisodiyotini modernizatsiyalashtirmoqda va bu jarayonda boshqa mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatmoqda.

Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining "Ipak yo‘li" dasturi direktori Svante Kornell o‘zbeklar qo‘shnilar uchun ochilayotgani, yangi prezidentning yuritayotgan tashqi siyosatidan "yoqimli hayratda" ekanini qayd etdi.

Mirziyoyev 2016 yilning 4 dekabrida saylovchilarning 88,6 foiz ovoziga ega bo‘lib, prezident etib saylandi. U O‘zbekistonning iqtisodiy siyosatini o‘zgartirib, xorijiy kapitalni jalb qilish uchun (asosan Janubiy Koreya va Xitoydan) mamlakatning huquqiy tizimini o‘zgartirmoqda.

Prezident etib saylanganidan bir necha oy o‘tib Mirziyoyev Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya va Xitoyga bordi. Ushbu oyda esa u Qirg‘izistonga tashrif buyurdi. Mirziyoyevning uch qo‘shni mamlakat - Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tashrifi kuchli signal hisoblanadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalarini yaxshilash ustida ishlamoqda".

"Yuqori iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish rahbariyatning ustuvor vazifasiga aylandi", - deya mamlakat senat raisi Sodiq Safoyevning so‘zlari keltiriladi.


"Mamlakat maqsadlaridan biri - konstruktiv tashqi siyosat yuritish. Shu bois Mirziyoyev mart oyida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan strategik sheriklik va ahil qo‘shnichilik qo‘shma deklaratsiyasini imzoladi. Tashrif davomida transchegaraviy soliqqa tortish, xavfsizlik va savdo-sotiqqa doir 13 hujjat imzolandi. Natijada ikki mamlakat o‘rtasida 1 milliard so‘mlik investitsion kelishuvlar imzolandi.

Ba’zilar Shavkat Mirziyoyevni Den Syaopinga qiyoslashmoqda. Denning Xitoy tarixidagi roli - Xitoy iqtisodiyotini superderjavaga aylantirgan iqtisodiy islohotlarning o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etgan.

"Ular qadimiy Ipak yo‘lining bir qismi bo‘lishgan va endi yangi Ipak yo‘lining bir qismiga aylanishadi", - deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Reconnecting Asia loyihasi direktori Jonatan E.Xillman.

Mamlakatning yana bir maqsadi xorijiy kapital jalb qilish uchun sharoitlar yaratishdan iborat. Ko‘p yillar davomida ular Jahon bankining "Biznesni yuritish" hisobotida o‘z reytingini oshirishga muvaffaq bo‘lishdi (190 mamlakat ichidan 87-o‘rin).

O‘zbekiston 2019 yilga borib to‘liq valyuta konvertatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xitoydagi islohotlar davrida bo‘lgani kabi erkin savdo zonalari rivojlanmoqda.

O‘zbeklar ehtiyotkor. Ularning tashqi qarzi YaIMning 20 foizidan kam.

Qozog‘iston shiddat bilan o‘sishini boshlagan paytida O‘zbekiston YaIM borasida orqada qolayotgandi. Biroq mamlakat Qozog‘iston kabi qarzga botmagan, xomashyo tovarlari keskin tushib ketgan bir davrda ular bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishdi. O‘tgan yili O‘zbekiston iqtisodiyoti Xitoy iqtisodiyoti kabi 7 foizga o‘sdi, Qozog‘iston esa - 1 foizga.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekistonga qaytdi. Ular shaffoflikni oshirish va mahalliy statistikani muvofiqlashtirish borasida hukumat bilan ishlashmoqda. Keyingi qadam suveren obligatsiyalarni ishlab chiqarish bo‘ladi.

"YeTTBning qaytgani ijobiy ishoradir", - deydi Xillman.

May oyida yangi hukumat besh yillik reja doirasida 2,2 milliard dollarlik neftni qayta ishlovchi zavod qurilishi haqida ma’lum qildi. Neftning katta qismi Rossiya va Qozog‘istondan keladi. O‘zbekistonning zaxiralari yaxshi o‘rganilmagan, xalqaro neft-gaz kompaniyalari esa o‘z faoliyati ko‘lamini kengaytirmoqda".

"Biz investitsion iqlimimizni yaxshilash kerakligini bilamiz. Buning uchun biz xorijiy konsalting kompaniyalari, investitsion banklari va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan ish olib bormoqdamiz", - deya Safoyevning so‘zlari keltiriladi.

"2021 yildan 27 mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi. 2019 yildan esa o‘z fuqarolarini ham boshqa davlatlarga chiqishi soddalashtiriladi. Rossiya, Xitoy, Turkiya, G‘arbiy Yevropa va AQShga sayohat qiluvchi ba’zi o‘zbeklar hanuz chiqish vizasiga muhtoj.

Safoyev deyarli Trampning ustuvor vazifalariga o‘xshash vazifalarni qayd etdi:
  • kichik va o‘rta biznes egalariga normativ yukni kamaytirish;
  • ba’zi inspeksion tashkilotlardagi byurokratik ovoragarchiliklarni kamaytirish;
  • moliyaviy, soliq va bojxona tizimlarini liberallashtirish;
  • xususiy biznesni hukumatdan himoyalovchi qonunlarni qayta isloh qilish.

Privatizatsiya bo‘ladi, lekin o‘zbeklar elektr energiyasi, oltin konlari va asosiy infratuzilma, temir yo‘llar va havo yo‘llari kabi strategik muhim hisoblangan kompaniyalar va sektorlar ustidan nazorat olib boradi.

Paxta hanuz eng katta mahsulotligicha qolmoqda. Agrobiznes sektorini modernizatsiyalashga harakat qilinmoqda.

Siyosiy tomondan ular korrupsiyaga qarshi kurashga e’tibor qaratishmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, millatning siyosiy uyg‘onishi uchun bir yoki ikki avlod yangilanishi kerak bo‘ladi. O‘zbekiston - yosh mamlakat. O‘rtacha yosh 26,7ni tashkil qiladi. Bu Rossiyadan 12 yoshga, Qozog‘istondan 4 yoshga yoshroq degani.

Bugunga qadar ichki kurashga doir hech qanday belgilar namoyon bo‘lmadi. "Bu esa yaxshi belgi. O‘zbekiston Yevroosiyo integratsiyasiga yordam bermasligi uchun asos yo‘q", - deydi ekspert".

Manba: kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Forbes Shavkat Mirziyoyevni Xitoy islohotchisi Den Syaopinga qiyosladi