20:13 / 13.02.2020
3 704

Safoyev Markaziy Osiyodagi geosiyosiy muhit va O‘zbekistonning mavqeyi haqida

Safoyev Markaziy Osiyodagi geosiyosiy muhit va O‘zbekistonning mavqeyi haqida
Sodiq Safoyevning ta’kidicha, Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasida avvalgi davrga xos «allaqanday adovat» va «hatto xusumat» hozir yo‘q – mintaqada o‘zaro ishonch muhiti shakllangan. Masalan, 5 yil oldin suv masalasi yechib bo‘lmas muammo bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa, hozir qo‘shni davlatlar qo‘shma loyihalar bilan bu muammoni yechishga tayyorligini ko‘rsatyapti.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev parlamentning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni hal qilishdagi vakolatlarini kengaytirish mavzusida jurnalistlarga intervyu berdi.

Bundan 15 yil oldin, ya’ni 2005 yilda chop etilgan «Markaziy Osiyodagi geosiyosat» kitobingizda Markaziy Osiyodagi siyosiy jarayonlar, iqtisodiy munosabatlar, chel el investitsiyalarini jalb etish, mamlakatda xorijiy biznes uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida fikr yuritgansiz va Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston oldida ana shu mushkul muammoni hal etish vazifasi turganini ta’kidlagansiz.

Oradan 15 yil o‘tdi. Bugun O‘zbekistonda bu borada yaratilgan imkoniyatlarni o‘sha davr bilan taqqoslab, necha foizga baholaysiz? Yangi parlament, yangi O‘zbekiston bu borada yana qaysi sohalarda ish olib borishi kerak, deb hisoblaysiz?


– Avvalambor, bu kitobni eslaganingiz men uchun katta sharaf. Savolingizda bir necha savol mujassam. Men ularga birma-bir javob berishga harakat qilaman.
Markaziy Osiyoda turgan fundamental masalalar, muammolar o‘zgargani yo‘q.

Ularning eng asosiysi shundan iboratki, Markaziy Osiyo tarixan yagona iqtisodiy, ko‘p nuqtayi nazardan madaniy hudud bo‘lib kelgan. U tarixan birga bo‘lgan. Faqatgina tarix taqozosi bilan o‘z vaqtida ular alohida mamlakatlarga bo‘linib ketdi. Lekin ularning bir-biri bilan uzviy bog‘liqligini hech kim inkor qilolmaydi.

Tushunamizki, bu mintaqa davlatlari oldida turgan maqsadlarga faqat birgalikda erishishi mumkin, faqat mushtarak harakatlar orqali ularni qiynayotgan muammolarni hal etishi mumkin.

Masalan, ekologik muammo yoki suv tanqisligi muammosi. Yoki, bizning anklav ekanimiz, dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklangani. Bularni hech bir mamlakat alohida hal etolmaydi, ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin.

Yoki afzalliklarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, bizda energetik zaxiralar ko‘p. Hech bir davlat o‘z zaxiralarini dunyo bozoriga boshqa davlatning ustidan sakrab olib ketolmaydi. Infratuzilmani birgalikda rivojlantirishimiz kerak.

Safoyev so‘nggi uch yilda Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat batamom o‘zgarganini ta’kidladi.
– Ilgarigi davrga xos bir-biriga nisbatan qandaydir adovat, ishonchsizlik, hattoki bir-biriga bo‘lgan xusumat yo‘q bo‘lib, bugun o‘zaro ishonch, muammolarni birgalikda hal qilish, kompromissga tayyorlikni biz bugun qayd etmoqdamiz.

Tan olaylik, bu faqat bizning fikr emas, bu xalqaro hamjamiyat tan olgan fikr. Bu birinchi navbatda prezidentimiz hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning yangilangan O‘zbekiston tashqi siyosati bilan bog‘liq. Buni hech kim inkor etolmaydi. Mamlakatimiz ochiqlikni e’lon qildi, ko‘p tashabbuslarni ilgari surdi va ular qo‘llab-quvvatlagani natijasida bugun ko‘rib turibmizki, Markaziy Osiyoning oldida turgan ko‘p xavf-xatarlar chetlatildi.

Suv masalasi. Ilgari, 5 yil oldin bu bizga xuddi yechimi yo‘q muammo bo‘lib ko‘rinayotgan edi. Bugun ko‘ryapmizki, mamlakatlar hattoki qo‘shma loyihalarni amalga oshirib, bu muammoni yechishga tayyorligini ko‘rsatmoqda.

Senatorning ta’kidicha, tashqi siyosat bevosita inson huquqlari, manfaatlari bilan bog‘liq.
– Esimizda bor, 3-4 yil oldin kuniga bir necha 10, 20, 30 odam yaqin qarindoshlarini ko‘rish uchun O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegarasidan o‘tish imkoniyatiga ega edi. Agar ularda u yerda kimdir vafot etgani yoki og‘ir ahvolda ekani haqidagi telegramma bo‘lsagina. Bugun kuniga yuz mingdan ortiq vatandoshlarimiz bemalol, to‘siqsiz qo‘shni davlatlar bilan chegarani kechib o‘tib, u yerga nafaqat qarindoshlari bilan uchrashish, balki boshqa maqsadlarda ham borib kelishlari mumkin.

Shuning evaziga qo‘shni davlatlar bilan bo‘lgan savdo xajmi so‘nggi yillar mobaynida ayrimlari bilan 70 foiz, ayrimlari bilan ikki baravar ortib bormoqda. Yangi transport yo‘laklari ochildi.

Afg‘onistonni aytinglar. Ko‘p yillar biz uni xuddi ko‘rmagandek ishlardik. Bir necha yil oldin Afg‘oniston bilan savdo-sotig‘imiz deyarli bo‘lmagan, desak ham bo‘ladi. Bugun bu 1 milliard dollarga yaqinlashmoqda.

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan bir necha masalalarda, shu jumladan, bizga eng yaqin, maqbul bo‘lgan transafg‘on transport yo‘lagini barpo etib, u orqali butun Markaziy Osiyoga biz uchun eng yaqin dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi loyihalarni ilgari surmoqda. Bu borada Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat ijobiy nuqtayi nazardan o‘zgardi, lekin shu bilan birga, hali qilinadigan ishlar ko‘p.

O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan chegaradosh bo‘lgan yagona davlat. Boshqa unday davlat yo‘q. Shuning uchun O‘zbekistonning mavqeyi o‘zgacha. O‘zbekistondagi vaziyat nafaqat mamlakatimiz uchun, balki butun mintaqa uchun katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu ham xalqaro darajada tan olingan bir omil.

Bu borada O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bo‘layotgan, shu jumladan investitsion iqlimni yaxshilash bo‘yicha o‘zgarishlar faqatgina O‘zbekiston uchun emas, balki Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyatga ega.

Nimaga? Chunki yirik investorlar tor milliy iqtisodiyot hududi bilan uncha qiziqmaydi, ularga keng mintaqaviy hudud kerak. Ular uchun faqatgina 35 millionlik O‘zbekiston bozori emas, balki 100 millionlik Markaziy Osiyo bozori qiziqroq. Shuning uchun Markaziy Osiyo uchun O‘zbekistonda bo‘layotgan hozirgi o‘zgarishlar nihoyatda muhim.

So‘nggi yillar mobaynida amalga oshirilgan ishlar, Jahon bankining Doing business ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekistonning reytinglari qanday ortib borayotgani haqida bilasizlar. So‘nggi yil mobaynida o‘tgan yilga nisbatan deyarli uch baravar ko‘proq investitsiya O‘zbekistonga keldi.

Bu shuni ko‘rsatyaptiki, jarayon bor, u tobora mustahkamlanmoqda. Lekin shu bilan birga hali qilinadigan ishlar ham ko‘p. Bu haqda biz parlament a’zolari ham bosh qotirishimiz kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Safoyev Markaziy Osiyodagi geosiyosiy muhit va O‘zbekistonning mavqeyi haqida