20:34 / 01.06.2020
2 857

Chegaradagi mojaroda so‘xliklardan 187 kishi jarohatlangan, 15 kishi Farg‘onaga olib kelingan

Chegaradagi mojaroda so‘xliklardan 187 kishi jarohatlangan, 15 kishi Farg‘onaga olib kelingan
31 may kuni Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi qishloq aholisi o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro vaqtida so‘xliklardan 187 nafar kishi turli darajada tan jarohati olgan. Bu haqda So‘x tumani hokimligi matbuot xizmati xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, 1 iyun kuni sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari viloyat markaziga olib kelingan.

«Yuzaga kelgan janjal natijasida tuman markaziy shifoxonasida 187 nafar yaralangan bemor davolanmoqda. Bugun sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari viloyat markaziga yuborildi», deyiladi tuman hokimligi axborotida.

Bugun bosh vazir Abdulla Aripov So‘xga tashrifini kasalxonaga borish bilan boshlagan, bemorlar va jarohatlanganlar holidan xabar olgan. Og‘ir ahvoldagi yaralaganlarni viloyat markaziy shifoxonalariga yetkazish uchun sanaviatsiya xizmati safarbar etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida buloq masalasida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh hududlari aholisi o‘rtasida mahalliy darajadagi mojaro yuz bergan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, mojaroga «Chashma» bulog‘ining ariqlarini birgalikda tozalash paytida yuzaga kelgan bahslashuv sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi chegaradagi mojaro oqibatida ikki tomondan ham jabrlanganlar borligini ma’lum qilgan, Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa mojarodan so‘ng 25 kishi Ayderken shahridagi kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Chegaradagi mojaroda so‘xliklardan 187 kishi jarohatlangan, 15 kishi Farg‘onaga olib kelingan