16:33 / 31.07.2021
1 415

Senatorlar O‘zbekistonda majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi

Senatorlar O‘zbekistonda majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

«Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonunda O‘zbekiston davlat bosh sanitariya vrachi sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar o‘tkazishni joriy etishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekani belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas. Shuningdek, amaldagi qonunchilikda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlashdan bosh tortgan shaxslarga nisbatan cheklov choralari nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilingan.

Qonunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
  • birinchidan, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston davlat bosh sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda;
  • ikkinchidan, Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to‘lqinlarining oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » Senatorlar O‘zbekistonda majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi
[/banner_pushhouse