9 iyul kuni Angliyaning London shahrida joylashgan "O2" arenasida Matchroom promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Mazkur oqshomda super yarim o‘rta vazn toifasida janglar olib boruvchi hamyurtimiz Isroil Madrimov fransiyalik Mishel Soroga qarshi WBA Eliminator jangini o‘tkazdi. Bu ular o‘rtasidagi ikkinchi to‘qnashuv edi.
Keling voqelikni boshiga qaytamiz
2021 yil dekabr oyida Toshkent shahrida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Asosiy jangda aynan Madrimov va Soro WBA yo‘nalishida yakuniy eliminator maqomidagi jangda ringga ko‘tarildi. Jangning 9-raundi davom etayotgan bir vaqtda, Madrimov Soroni kuchli zarbalar bilan siylay boshlagan vaziyatda raund yakunlanganini bildiruvchi gong chalinganini na referi va na Madrimov eshitdi. Oqibatda, bahs yana bir necha soniya davom etib, hakam tomonidan Soroning passiv himoyaga kirgani sababli to‘xtatildi va texnik nokaut qayd etildi. Albatta, gong chalinganidan so‘ng berilgan zarbalar sabab, Soroning jamoasi tashkilotga shikoyat kiritgan holda ikkinchi jangga buyruq berilishiga erishdi.
Revansh ham g‘olibni aniqlab bermadi
Ular o‘rtasidagi ikkinchi va hal qiluvchi bo‘lishi kutilgan jangda ham g‘olib nomi aniqlanmay qoldi. Dastlabki ikki raundda Isroil Madrimov raqibga nisbatan har tomonlama ustunlik qildi va o‘zgacha jang ko‘rsatdi. Bu safar unda ortiqcha oyoq harakatlari kuzatilmadi va tanaga yo‘naltirilgan jeb zarbalaridan ham juda unumli foydalanayotgan edi. Ikkinchi raundda Soro kuchli zarbalar o‘tkazib yuborib, faqat himoyada harakat qildi. Afsuski, uchinchi raundning ilk soniyalarida boshlar to‘qnashuvi sodir bo‘ldi va Soro qoshidan jarohat oldi. Shifokor esa jangni davom ettirishga ruxsat bermadi va natija "texnik durang" deya e’lon qilindi.
Nima uchun texnik durang?
Havaskor boks janglarida qaysidir bokschi jarohat olsa hamda jang davom ettirilmasa, o‘sha vaqtga qadar ustunlik qaysi tomonda bo‘lganligiga qarab g‘olib aniqlanadi. Professional boksda esa bu biroz boshqacharoq. Ya’ni, jang kamida 4-raunddan o‘tgan bo‘lishi kerak. Agar 4-raunddan keyingi raundlarda shifokor tomonidan jang davom ettirilmaydi, deb topilsagina ochkolar hisobi inobatga olinadi. 4 raundgacha bo‘lgan vaqtdagi to‘htalishda esa bahsda g‘olib elon qilinmaydi.
Bunday holatlarda, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib o‘tgan janglar natijasi "no contest" ya’ni jang bo‘lmadi, deb hisoblanilar va bu bokschilarning janglar statistikasiga ta’sir ko‘rsatmas edi. Ammo Buyuk Britaniyada bu qoidaga boshqacha yondoshilgan. Ushbu davlatda bo‘lib o‘tgan janglarda shunday holat kuzatilsa, natija "texnik durang" deb qabul qilinishi belgilangan. Yomon tomoni esa bu bokschining janglar statistikasida ham durang sifatida aks etadi. Endilikda, bu durang Isroil Madrimovning rekordida 8-0-1 (6 nokaut) ko‘rinishida "dog‘" bo‘lib qoldi.
Da’vogarlik maqomi taqdiri nima bo‘ladi?
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu to‘qnashuv g‘olibi jahon chempioni Jermell Charloga qarshi ringga ko‘tarilish huquqini qo‘lga kiritar edi. Ikkinchi jangda ham bunga aniqlik kiritilmagach, uchinchi jangga buyruq berilishi ehtimoli ham yuqori. Bu borada Mishel Soro ham fikr bildirib o‘tdi.
"Afsuski, jang 3-raunddagi ochiq jarohat sababli texnik durang bilan tugadi. Qanday achinarli! Men o‘zimni yaxshi his qilmoqdaman jang esa 12 raunddan iborat. Birozgina hordiqdan so‘ng, yana mashg‘ulotlarga qaytaman, chunki 3-jang tez keladi", - deya izoh qoldirgan Soro instagram sahifasida.
Isroil Madrimov esa jahon chempionlik kamariga jang qilish imkoniyatiga haqli ekanini keraklicha isbotlab, jang qanchalik muhimligiga yana bir sabab aytdi.
"Agarda bu janglarni ko‘rib chiqib, mening chempionlik uchun so‘nggi qadamim sifatida baholashsa xursand bo‘lgan bo‘lardim. Men yillar davomida har kuni mashg‘ulotlarga faqat bir maqsadda boraman: jahon chempionlik jangida ishtirok etish. Mening bor e’tiborim shunga qaratilgan edi. Ishonamanki, ushbu ikki jang bilan men bunga qanchalik loyiq ekanimni va buni qanchalik xohlashimni isbotladim. Qolaversa, bu jangning men uchun yana bir muhimligi, ushbu bahsdan so‘ng to‘yim sanasi belgilangan. Aslida birinchi jang natijasi sabab bu kechiktirilgan edi. Keyingi oyda oila quryapman va men to‘ydan oldin chiroyli g‘alaba qozonishni istagan edim", - deydi Madrimov jangdan so‘ng bergan intervyusida.
Endi qanday qaror qabul qilish WBA tashkilotiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Madrimov da’vogar deb elon qilingani bilan ham darhol chempionlik jangida ishtirok eta olmaydi. Chunki ushbu vaznda barcha kamarlarni o‘ziniki qilib turgan Jermell Charloning qolgan 3 ta yo‘nalishda ham majburiy davogarlar kutib turibdi. Bularni navbat bilan sanab o‘tamiz: Bahram Murtazaliyev (IBF), Tim Szyu (WBO), Sebastian Fundora (WBC) va ulardan so‘ng Madrimovga navbat kelar edi. Agarda Charlo ungacha kamarini vakant qo‘ysa, Madrimov o‘zidan keyingi o‘rinda turgan boshqa bir bokschi bilan ushbu vakant kamar uchun jang qilish varianti ham yo‘q emas edi.
Umumiy qilib aytganda, Charlo kamarlarni vakant qo‘ymasa, bir tomondan Soro bilan 3-jang o‘tkazilsa, Madrimov chempionlik kamari uchun jangga chiqishi uchun yana kamida bir yarim yil, balki ikki yil vaqt kerak bo‘ladi.
Jalol Axmedov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)