1 598
Superliga 15-tur uchrashuvlari haqida: AGMK aslo rozi bo‘lmaydi, bechora "Dinamo", "Surxon"ga havas emas
Superligada ostonamizda 15-tur uchrashuvlari turibdi. Chempionatning muhim qismi yaqinlashib kelayotganini hisobga olsak, har bir o‘yinning qaynoq harorati siz bilan biz uchun ham muhim. 10-12 avgust kunlari o‘tkaziladigan o‘yinlardagi juftliklar bo‘yicha to‘xtalamiz.
10 avgust (chorshanba)
AGMK – “Lokomotiv”
Jamoalar ikkinchi davrani ikki xil kayfiyatda boshlashdi. AGMK o‘z maydonida “Metallurg”ga 0:1 hisobida yutqazib qo‘ydi. “Lokomotiv” o‘z uyida “Qizilqum”ni kichik hisobda mag‘lubiyatga uchratishga erishdi. Ana endi mg‘alub va g‘olib klublar bu turda Olmaliqda to‘qnash kelishadi. Mirjalol Qosimov jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotganini hisobga olsak, o‘tgan turdagi mag‘lubiyati yakunda qimmatga tushishi mumkin. Biroq ketma-ket ikkita mag‘lubiyatga Qosimov va AGMK jamoasi aslo rozi bo‘lmasligi aniq. Turnir jadvalida olmaliqliklar 6-o‘ringa tushib qoldi. Bu safar ham AGMK Toshkent derbisida ishtirok etadi. Ko‘ramiz, “Lokomotiv” qanday javob qaytararkin?
“Bunyodkor” – “Qizilqum”
Ikki omadsiz jamoa deya ta’rif bersak mos tushsa kerak. Sababi, “Bunyodkor” Jizzaxda yengilib qaytdi, “Qizilqum” bo‘lsa Toshkentda “Lokomotiv”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bunisi jiddiy to‘qnashuvga aylanadi. “Bunyodkor” klubi prezidenti ikkinchi davra boshlanishi oldidan jamoada yig‘ilish o‘tkazib, sovrinli o‘rinlardan birini egallashni shart qilib belgiladi. Shunga yarasha xorij yig‘inini ham tashkillashtirib berdi. Ammo o‘tgan turda “So‘g‘diyona”ga yutqazdi. “Qizilqum”ni ham vazifasi jiddiy. Sovrinli o‘rinlardan birini orzu qilayotgan jamoa uchun ketma-ket mag‘lubiyatlar qimmatga tushishini o‘zlari yaxshi his qilishyapti. Bunday to‘qnashuvda istalgan natija sodir bo‘lishi mumkin?
11 avgust (payshanba)
“Dinamo” – “So‘g‘diyona”
“Dinamo” borgan sari jarlikka qarab ketyapti. Birinchi davrani yaxshi o‘tkaza olmagach, yozgi seleksiyada tajribali o‘yinchilar olindi. Endi hamma gap murabbiyda qolgandi. Aksiga olib, yana mag‘lubiyatlar davom etyapti. Samarqandda “Nasaf”ga 0:4 hisobida yutqazgach, bosh murabbiy Andrey Shipilov iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Uning qo‘li ostida jamoa 5 ta o‘yinning barchasida yutqazdi. Hozircha “Dinamo” klubi Andrey Sergeyevichning iste’fosini rasman tasdiqlagani yo‘q. Balki bo‘lajak uchrashuvga boshqa murabbiy kelar yoki Shipilovga yana imkoniyat berilar. Ammo raqib yana jiddiy – “So‘g‘diyona”. Bechora, “Dinamo”ga taqvim birin-ketin mana shunday kuchli raqiblarni ro‘baro qilib qo‘ydi. Kutilganidek, samarqandliklar Superligani tark etish uchun hamon birinchi raqamli da’vogar nomini o‘zida saqlab turibdi. Oxirgi o‘rinda borayotgan klub eng yaqin ta’qibchisidan hozircha 5 ochkoga ortda qolyapti. “Bunyodkor”ni yutib, “Paxtakor” bilan durang o‘ynagan “So‘g‘diyona” uchun “Dinamo” qulay raqibdek ko‘rinmoqda...
“Olimpik” – “Qo‘qon-1912”
Yaxshi to‘qnashuv bo‘ladi. Birinchi davrada qo‘qonliklar raqibini yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi. Birinchi davrada o‘zidan ancha yaxshi taassurot qoldirgan Timur Kapadze jamoasidan ikkinchi davrada ham syurpriz kutayotganlar bisyor. “Qo‘qon-1912”da bosh murabbiy o‘zgargan bo‘lib, Davron Fayziyev zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklatilgan. O‘tgan turda vodiy derbisi nomi ostida “Neftchi”ga qarshi jangovar 3:3 hisobi qayd etilganini bilasiz. Navbatdagi o‘yin ham tomoshabop ruhda o‘tishiga ishonsa bo‘ladi. “Olimpik” ikkinchi davrani “Surxon” ustidan 5:0 hisobida g‘alaba bilan boshlaganini unutmagandirsiz. O‘shanda raqibning ikki kishi kam bo‘lib qolgani ham Kapadze jamoasiga qo‘l kelgan. Lekin doim ham raqib ikki kishi kam bo‘lib o‘ynayvermaydi.
“Navbahor” – “Surxon”
“Navbahor”ni emas, balki “Surxon”ni o‘ta murakkab o‘yin kutyapti. Samvel Babayan jamoasi Qarshida “Nasaf”ga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan yutib qaytgani fonida “Navbahor” o‘yini yanada kuchaygani ko‘rinyapti. Bu juftlikda hamma namanganliklarni favorit sifatida ko‘rsatishyapti va bu tabiiy hol. Turnir jadvalida peshqadamlikni qo‘liga olgan “Navbahor” endi buni yanada mustahkamlashi kerak, buning uchun ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Namanganda har qanday raqibga og‘ir bo‘ladi. Muxlislar faktori muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Surxon”ga havas qilib bo‘lmaydi. Mabodo, Anxel Lopes jamoasi safarda durang o‘ynaydigan bo‘lsa, buni g‘alabaga tenglashtirsa bo‘ladi.
12 avgust (juma)
“Neftchi” – “Paxtakor”
Bu turda “O‘zbek klassikosi” bor. “Neftchi” “Paxtakor”ni o‘zining “Istiqlol” stadionida qabul qilishi kutilgandi, biroq yana Yaypanda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Ushbu tur uchun yaxshi afisha. “Paxtakor” Maksim Shatskix boshqaruviga o‘tgach, hamma jamoa o‘yinida qanday o‘zgarish bo‘lishini qiziqish bilan kuzatyapti. Hozirgacha Shatskix ikkita rasmiy o‘yin o‘tkazib, bir g‘alaba va bir durang qayd etdi. “Neftchi”da esa bosh murabbiy sifatida Vitaliy Levchenko ish boshlaganidan xabardorsiz. Xorijlik mutaxassis oldiga ham viloyat hokimi tomonidan aniq vazifa belgilab berilgan. Bu yog‘iga “Neftchi”ning qoqilishiga haqqi yo‘q. Levchenko ham Shatskix singari murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsatish ilinjida. Bir so‘z bilan aytanda, qattiq olishuv bo‘ladi.
“Metallurg” – “Nasaf”
“Metallurg” AGMK maydonida qimmatli uch ochkoga ega bo‘ldi. “Nasaf” “Navbahor”ga mag‘lub bo‘lganidan keyin qoldirilgan tur doirasida Samarqandda “Dinamo” darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi. Birinchi davrada “Metallurg” “Nasaf” maydonida munosib qarshilik ko‘rsatib, bir ochko bilan qaytishga muvaffaq bo‘lgandi. Odatda, “Nasaf” uchun “Metallurg” noqulay raqib sanaladi. Ko‘ramiz, bu safar nima bo‘larkin? “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...