16:42 / 30.08.2022
961

"Navbahor"ning peshqadamligiga hamma rozi yoxud Babayan jamoasi qanchalik omadli?

"Navbahor"ning peshqadamligiga hamma rozi yoxud Babayan jamoasi qanchalik omadli?
Superligadagi intriga “yonyapti”. Ayniqsa, chempionlik uchun kurashda kim g‘olib chiqishi oxirgi turgacha hal bo‘lmasligi katta ehtimol. Oldingidek birgina “Paxtakor”ning gegemonligiga o‘rganib qolgan muxlislar uchun chempionlik yo‘lida kurashayotganlar soni ortgani va hozirda peshqadamlik tez-tez almashib turgani juda va juda qiziq ko‘rinyapti.

Namanganning “Navbahor” klubi ayni paytda Superligada karvonboshi bo‘lib turibdi. Chempionlik uchun “Navbahor”dan tashqari “Paxtakor”, “Nasaf” va “So‘g‘diyona” jamoalari ham jiddiy kurashyapti. Ko‘pchilik chempionlik shu to‘rtala klubdan biriga nasib qilishi haqida ta’kidalmoqdalar va bu ayni haqiqat. Yuqori to‘rtlik ushbu jamoalar tomonidan egallangan. Ochkolar o‘rtasidagi tafovut ham katta emas, bir-biriga yaqin. Albatta, ulardan keyin “Qizilqum” bilan AGMK ham kelyapti. Lekin baribir yuqoridagi to‘rtlik ajralib qolyapti.

Bu turda “Navbahor” asosiy raqobatchilaridan biri “Paxtakor”ni o‘z maydonida qabul qildi va “yil o‘yini” deya ta’riflangan uchrashuvda g‘olib aniqlanmay qoldi – 1:1. Ushbu juftlikda “Navbahor” musobaqa peshqadami sifatida ishtirok etgani e’tiborga molik. Lekin Samvel Babayan jamoasining ochko yo‘qotishidan uning ta’qibchilari yana foydalana olmadilar. “Nasaf” Qarshida “Lokomotiv”ni yuta olmadi. “So‘g‘dinyoa” esa safarda “Olimpik”ka mag‘lub bo‘ldi. Shu ikkisidan biri yutganida bormi, hozir 1-o‘ringa chiqib olish imkoniyatini qo‘lga kiritgan bo‘lardi. Lekin “Navbahor”ning ochko yo‘qotishidan uning ta’qibchilaridan hech biri unumli foydalanishni bilmayapti.

Qizig‘i, o‘tgan turda namanganliklar “Qo‘qon-1912” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab ikki ochkodan mahrum bo‘lgan vaziyatda “Paxtakor” ham, “Nasaf” ham durang o‘ynadi. “So‘g‘diyona”ni “Neftchi”ga qarshi o‘yini qoldirildi. Mazkur yetakchi jamoalar ikki turdan beri durang o‘ynayotgani evaziga turnir jadvalida peshqadam o‘zgarishsiz qolyapti. Albatta, bunday natijalar birinchi navbatda “Navbahor” uchun foydali bo‘lyapti. Masalan, “Nasaf” – “Lokomotiv” va “Olimpik” – “So‘g‘diyona” uchrashuvlarida Babayan jamoasi yutdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan turda ham ularning ochko yo‘qotishidan namanganliklar foyda ko‘rgandi.

Bu gal ham “Navbahor” o‘zi yutolmagani singari raqobatchilari ham qoqildilar. Shu bois chempionatdagi vaziyat Babayan jamoasining foydasiga xizmat qilib kelmoqda. Lekin doim ham bunday omad kulib boqavermaydi. Babayan esa egallab turgan 1-o‘rinni qanday bo‘lmasin oxirigacha saqlab qolish uchun bor imkoniyatini ishga solayotgani tabiiy hol. Faqat unga “Nasaf”, “So‘g‘diyona” va “Paxtakor” ham “yordam” berib yuborishyapti. Bunday vaziyatda "Navbahor" qanchalik omadli-a? Lekin bu qachongacha davom etadi?

Jo‘jani kuzda sanaymiz, degan gap bor. Hammasi chempionat oxiriga borib ma’lum bo‘ladi. Ungacha klublar o‘z ochkolarini yig‘ish bilan ovora bo‘lishadi. “Navbahor” O‘zbekiston Kubogi chorak finalida yana o‘z uyida yana “Paxtakor” bilan o‘ynaydi. Demak, katta jang yana davom etadi. “Navbahor” klubining tarkibidan kelib chiqsak, jamoa bemalol sovrin yutishga qodir - chempionlikni ham, Kubokni ham. Faqat hamma gap oldiga qo‘yilan vazifani qay darajada bajara olishiga bog‘liq.

“Navbahor” chempionatning navbatdagi 18-turini 10 sentabr kuni safarda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkazadi. Babayan ketma-ket ikkita durangdan keyin g‘alaba uchun qanday reja ishlab chiqarkin?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Navbahor"ning peshqadamligiga hamma rozi yoxud Babayan jamoasi qanchalik omadli?