14:45 / 24.09.2022
1 077

Lutfulla To‘rayev: "Kamerun o‘ynamadi, deyish - bu yolg‘on"

Lutfulla To‘rayev: "Kamerun o‘ynamadi, deyish - bu yolg‘on"
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Kamerunga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvni ko‘rib, hamma “o‘ynasa bo‘larkan-u”, degan bo‘lsa ajab emas-a? Chindan Srechko Katanes jamoasi jahon chempionati ishtirokchisiga qarshi puxta ishlab chiqilgan reja asosida to‘p surdi. Murabbiyning uslubi o‘yinda yaqqol bilindi va futbolchilar to‘liq unga amal qilishdi.

Ana endi terma jamoamizning Kamerundek raqibga qarshi ajoyib o‘yini va g‘alabasidan so‘ng ijobiy fikrlar ham bildirilmoqda. Balki 2:0 hisobidagi g‘alabamizni ko‘pchilik kutmagan bo‘lishi ham mumkin. Lekin Xojimat Erkinov va Oston O‘runovning gollari Rigober Song bosh murabbiyligidagi kamerunliklarni taslim qilish uchun yetarli bo‘ldi.

Ushbu uchrashuvdan keyin bir qancha ijobiy fikrlarni eshityapmiz. Terma jamoamizning sobiq futbolchisi va hozirda “Neftchi” klubi sardori Lutfulla To‘rayev vakillarimizning Kamerunga qarshi o‘yini to‘g‘risida shunday dedi:

"Kamerun terma jamoasiga qarshi yaxshi o‘yin bo‘lishini kutgandim. Uchrashuvga ishlab chiqilgan taktika ham o‘z kuchini berdi. Chiroyli chiqdi, hech kim bu taktikani kutmagandi. Futbolchilar oxirigacha kurashishdi va mehnat qilishdi. Bilamiz, Kamerun ham kuchli raqib. Ammo biz tomondan yaxshi taktika tanlangani yakunda o‘z samarasini berdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, Kamerun terma jamoasi 100 foizli vaziyat yarata olmadi. Terma jamoamizda har bir futbolchi o‘z “zona”sini yopib, o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘liq bajardilar. Yaxshi o‘yin bilan tabriklayman. Barcha raqibga qarshi mana shunday qo‘rqmasdan o‘ynash kerak. Keyingi uchrashuvlarda ham omad tilaymiz va yana g‘alaba kutib qolamiz".

Kamerun terma jamoasini muxlislar bilishadi. Ular bejizga Qatardagi mundialga chiqishmagan. Qolaversa, oldinlari ham bu terma jamoani jahon chempionatlarida ko‘rganmiz. Mana shunday raqibga qarshi bahs esa shubhasiz biz uchun tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Terma jamoamizning g‘alabasidan so‘ng raqib o‘z darajasida o‘ynamadi, deya gapirayotganlar ham bor. Bunga javoban To‘rayev quyidagilarni aytdi:

"Har bir jamoa qanday o‘yin ko‘rsatishidan qat’iy nazar o‘sha raqibga qarab o‘ynaladi. Agar siz bo‘sh qo‘yib bersangiz, raqibingiz o‘ynaydi. Agar barcha “zona”ni yopsangiz har qanday jamoa ham qiynaladi. Kamerun o‘ynamadi, deyish bu yolg‘on. Ular ham o‘ynadi, faqat biznikilar o‘ynashiga qo‘ymadi. Terma jamoamiz yaxshi o‘yin namoyish etdi. Mabodo, Kamerun 2:0 yoki 3:0 ga yutganida nima bo‘lardi? O‘sha Kamerun o‘ynamadi, deganlar darhol boshqacha gapirishga tushardilar. Terma jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan, buni amalda ko‘rsatdilar. Balki qaysidir ma’noda raqib bor kuchini ko‘rsatmadi, deyish mumkindir. Lekin Kamerun ham yutishni juda xohlagandi. Faqat uchrashuvda Kamerundan ko‘ra bizning yigitlar kuchliroq edi".

Uchrashuvgacha Srechko Katanetsga tanqid toshlari ham otilgandek bo‘ldi-a? O‘sha safar oldidan matbuot anjumanida aytgan ayrim fikrlari muxlis va mutaxassislarga yoqmadi. Lekin barchasi maydonda hal bo‘lishini murabbiy yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi. To‘g‘ri, bu o‘rtoqlik o‘yini, lekin terma jamoa ishtirokidagi har qanday bellashuv muhim va ayniqsa raqib yanada jiddiy bo‘lsa! Biz Kamerun bilan uchrashuvda jamoamizning kuchli jihatlarini amalda yana bir karra ko‘rib oldik va muhimi o‘sish bor. Oldinda Kosta-Rikaga qarshi o‘yinimiz ham turibdi.

Har bir murabbiyga vaqt berilishi kerak. Mana, Katanes yangicha taktikalarni joriy etyapti. Murabbiyga Osiyo chempionatidan keyin baho bersa bo‘ladi. Hozir vaqtli, u o‘zi o‘ylagan uslubni amalga tatbiq etishi uchun yuqorida aytganimdek, vaqt kerak. Keyinchalik baho bersa bo‘ladi”, - deydi Lutfulla To‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Lutfulla To‘rayev: "Kamerun o‘ynamadi, deyish - bu yolg‘on"