23:35 / 13.10.2022
1 382

Mirjalol Qosimov: Gol urmasdan, g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. "Nasaf"ni chin dildan tabriklayman

Mirjalol Qosimov: Gol urmasdan, g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. "Nasaf"ni chin dildan tabriklayman
O‘zbekiston kubogi yarim finali doirasidagi dastlabki uchrashuv yakuniga yetdi. Qarshida bo‘lgan bahsda "Nasaf" AGMKni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindan keyin olmaliqliklar bosh murabbiy Mirjalol Qosimov bellashuv haqida fikr bildirdi:

"Yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bir-biriga munosib bo‘lgan jamoalar yarim finalda kurash olib bordi. Albatta, futbol shunaqa narsaki, kimdir xato qilsa, undan raqib jamoa foydalanib ketadi. Birinchi bo‘lim oxirida o‘zimizning xatolarimiz ortidan gol o‘tkazib yubordik. Bugungi bahs taqdirini ikkita himoyachi hal qilib ketdi. Standartlar paytida e’tiborli bo‘lish kerakligini futbolchilarimga uqtirgan edim.

"Nasaf"ning har bir vakiliga bitta futbolchi biriktirilgandi, ammo himoyachilar xato qilishdi va raqib bundan foydalanib ketdi. Bizda ham imkoniyat bor edi. AGMK so‘nggi soniyalargacha kurash olib bordi. Gol urmamasdan g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. Bu o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edik. Maqsadimiz kubokni yutib, Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish edi. Ammo, niyatimizga yeta olmadik. Bugungi g‘alaba bilan "Nasaf"ni chin dildan tabriklayman.

"Nasaf" standartlarda xavfli harakat qildi. Raqib futbolchisi Mateus Lima Kruz ancha bo‘ydor va bosh bilan ajoyib o‘ynaydi. Himoyachilar - Aliqulov, Eshmurodov ham standart paytida ancha xavfli. Superligadagi "Qizilqum"ga qarshi bahsda ham shu kabi xato ortidan gol o‘tkazib yuborgan edik. Shu bois, xavfli vaziyatlar paytida e’tiborli bo‘lishni futbolchilarimga aytgandim. "Nasaf" yaxshi jamoa, ancha shakllangan. Bekorga ular ichki chempionat jadvalida yetakchilik qilmayapti. Ammo shuni ham ta’kidlashim kerakki, bugun chiroyli o‘yin bo‘ldi va omad raqibimizga kulib boqdi. Agar biz hisobni tenglashtira olganimizda, o‘yin yanada boshqacha bo‘lar edi.

Ertaga qaysi jamoa finalga chiqadi? Eng yomon ko‘rgan narsam - bashorat qilish. Agarda biz istagan narsalar bo‘lganida, hozir AGMK finalda bo‘lar edi", - dedi Mirjalol Qosimov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: Gol urmasdan, g‘alaba qozonib bo‘lmaydi. "Nasaf"ni chin dildan tabriklayman