date
views 1 428

Sherzod Nasrullayev ikkinchi finalchi kim bo‘lishini taxmin qildi

Sherzod Nasrullayev ikkinchi finalchi kim bo‘lishini taxmin qildi
Xabaringiz bor yakuniga yetgan O‘zbekiston kubogining birinchi yarim finalida “ajdarlar” g‘olib chiqdi. O‘yindan so‘ng, “ajdarlar” yetakchilaridan biri – Sherzod Nasrullayevni suhbatga tortdik.

“Nasaf” gol o‘tkazib yuborganidan so‘ng, bu qadar tez o‘ziga kelishiga asosiy sabab nima?
- O‘zi o‘yini yaxshi boshladik. Vaziyatlar yaratdik. Imkon qadar birinchi raqamda to‘p surishga urindik. Shunday bo‘lsada, birinchi bo‘lib raqib gol urdi. Birgina hujum va to‘p o‘tkazib yubordik. To‘g‘risi, o‘sha vaziyatda “uyg‘onib” ketdik. Barchamiz, taym oxiriga qadar ikki barobar kuch bilan “ishladik”. Yakunda, gol urib muvozanatni tikladik. G‘alaba qozonishimiz shart edi! Chempion bo‘lish maqsadi qo‘yilgan oldimizga. Uning uchun istalgan raqib bilan “jang” qilishga tayyormiz.

AGMK bugun mavsumdagi eng zo‘r o‘yinlaridan birini namoyish etdi, biroq yakunda “Nasaf” omadsiz boshlangan o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi. Buning siri nimada?
- Tan olish lozim, raqib yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Biz ham bo‘sh kelmadik. Menimcha, murabbiyimizning bergan ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarganimiz final yo‘llanmasini olib berdi deb o‘ylayman. Bu futbol. Unda kim buyurilgan vazifani to‘liq bajarsa, o‘shaning jamoasi g‘alaba qozonadi.

Finalda qaysi jamoa bilan to‘qnash kelishni taxmin qilyapsiz? “Navbahor” – “Sug‘diyona” o‘yinida kim favorit?
- To‘g‘risi, “Navbahor” bilan Buxoroda to‘qnash kelsak kerak deb o‘ylayapman. Hozir ularda jamoaviy o‘yin kuchli. Shu bois, “Sug‘diyona”ga qarshi bahsda “lochinlar” ikkinchi finalchiga aylanishini taxmin qilyapman.

Eshitishimizga qaraganda, sizga bir nechta xorij jamoalaridan takliflar bor. Bu O‘zbekistondagi so‘nggi mavsumingiz bo‘lishi mumkinligi rostmi?
- Ochig‘i, bu haqida hozir o‘ylamoqchi emasman. Bizda bir yo‘la ikkita katta turnirda g‘alaba qozonish imkoniyati bor. Hali “Nasaf”dagi o‘z maqsadlarimga yetishganim yo‘q. Jamoam bilan superliga va O‘zbekiston kubogida zafar quchishni istayman. Bu ishni uddalaganimdan so‘ng, xorij haqida bosh qotirsa bo‘ladi. Variantlar bor. Yashirmayman, ammo hozir rejamda undan kattaroq narsalar bor.

“Nasaf” superliga uchun kubokdan ko‘proq harakat qilishi mumkinmi? Qay biri hozir muhimroq?
- Ikkisi ham birdek. Ularni bir-biridan ajratmagan bo‘lar edim. Jamoamiz bilan g‘alaba qozonish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilishga tayyormiz. Kerak bo‘lsa, maydonda “qon to‘kamiz”. Ortga chekinish yo‘q.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sherzod Nasrullayev ikkinchi finalchi kim bo‘lishini taxmin qildi