3 398
Baqoyevning iste’fosini tezlashtirgan narsa nima yoxud yangi klub bilan kelishib bo‘lganmi?
Chempionat tugashiga ikki tur qolganida Jizzax taraflardan xabar keldi: Ulug‘bek Baqoyev “So‘g‘diyona”ni tark etdi! Bu bir zumda ko‘pchilikning qulog‘iga yetib bordi. Bu haqiqatmidi yoki shunchaki gap-so‘zmidi, deya shubhalanayotganlar ham bisyor edi. Shuni ayta olamizki, Baqoyevning klubdan ketgani rost.
Vaziyat qanday edi? Ulug‘bek Istamovich nima sababdan chempionat tugamasidanoq “So‘g‘diyona”dan ketib qoldi? Rostini aytadigan bo‘lsak, uning ketishini balki boshqalar u qadar kutilmagan yangilik sifatida qabul qilmagan bo‘lsa ham kerak. Nega deysizmi? Baqoyevning Jizzaxdan ketishi haqidagi gap-so‘zlar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Oxirgi bir-ikki yildan buyon mutaxassisni boshqa jamoalar bilan “unashtirayotgandilar”. Shu sababli qachondir murabbiy o‘zi uchun qadrdon jamoaga aylanib qolgan “So‘g‘diyona” bilan xayrlashishi kutilgandi. Farqi shunda bo‘ldiki, uning chempionat yakun topishiga 2 tur qolganida jizzaxliklar bilan xayrlashgani bo‘ldi. U Superliga tugashini kutib ham o‘tirmadi. Lekin bir necha bor bergan intervyularida shu mavsum oxirida klub bilan tuzgan shartnomasi yakuniga yetishi haqida gapirgandi.
Baqoyev nega barvaqt ketdi? Gapning ochig‘i, joriy yilda “So‘g‘diyona” uchta frontda qatnashib, biroz toliqib qolgani endi-endi sezilib qolmoqda. OFK Kubogi hamda O‘zbekiston Kubogi yarim finallarida faqatgina penaltilar seriyasida raqiblariga yutqazib qo‘ygani jamoa uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi. Aynan shu omil yakunda Baqoyevning iste’fosini tezlashtirdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Agar jizzaxliklar qaysidir musobaqadan birida finalga chiqqanida hozir uning iste’fosi haqida yozib o‘tirmagan bo‘lardik.
Murabbiyning o‘ziga ham hal qiluvchi uchrashuvlardagi mag‘lubiyatlar og‘ir botdi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, shundan keyin jizzaxliklar tushkun kayfiyatga tushib qolishdi. Bu holat ularning chempionat doirasidagi o‘yinlarida ham bilinib qoldi. OFK Kubogi va O‘zbekiston Kubogida maqsadi jiddiy bo‘ldiyu, ammo finalgacha bor olmadi. Holbuki, Superligada ham aniq vazifasi bor edi. Biroq uchta frontda birdek barqarorlikni ta’minlash oson ish emas. Oqibatda chempionatda ham sovrinli o‘rinlardan mahrum bo‘ldi.
Tan olish kerak, 2019 yildan “So‘g‘diyona” boshqaruviga kelgan murabbiy o‘tgan vaqt davomida jamoani oyoqqa turg‘azdi va raqobatbardosh klubga aylantirdi. Bu natijalarda ham ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, o‘tgan mavsumda Superligada faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgani fikrimizga yaqqol isbot bo‘la oladi. “So‘g‘diyona” endi oldingi “So‘g‘diyona” emas. Baqoyev boshchiligida klub katta o‘sishga erishdi. Ayniqsa, natija uchun qanday o‘ynashni uning jamoasi suv qilib ichib yuborgan, deyishimiz ham mumkin.
Endi uning o‘rnini egallaydigan murabbiy kim bo‘lishi o‘quvchilarni qiziqtiradi. Hozircha Yorqin Nazarov vaqtinchalik bosh murabbiy lavozimini egalladi. Kuni kecha o‘zi bilan bu masalada gaplashdik. Nazarov “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvdan keyin suhbatlashishini aytdi, bizningcha bu natijaga qarab bo‘lsa kerak!
Yorqin Nazarov bunga qadar “Surxon” klubida texnik direktor lavozimida ishlab kelayotgandi. Superligada oxirgi bor “Andijon” jamoasiga bosh murabbiylik qilgan. O‘zidan yomon taassurot qoldirmagan. Nazarovning “So‘g‘diyona”da ikkita o‘yindan keyin yana bo‘shaydimi yoki ishini davom ettiradimi, bunisi hozircha mavhum. Biroq jizzaxliklar oldida bosh murabbiy lavozimi uchun qator nomzodlar bor. Ayniqsa, “Qizilqum”ning serbiyalik ustozi Nikola Lazarevichga ham jiddiy qiziqish bo‘lyapti. Yana xorijlik mutaxassislar varianti ham yo‘q emas.
Xullas, “So‘g‘diyona”da yana jiddiy o‘zgarish bo‘ladigandek. Har qalay Baqoyevning o‘yin uslubiga moslashgan klub kelasi yildan boshqa murabbiy qo‘l ostida boshqacha o‘yin uslubiga o‘tsa ajab emas. Jizzaxliklarning o‘zgarishi qaysi yo‘lga ketishini vaqt ko‘rsatadi. Faqat bir narsani aytish mumkin, Ulug‘bek Baqoyev “So‘g‘diyona”da marrani balandga olib chiqib qo‘ydi. Uni endi pastga tushirib yubormaslik kerak.
Baqoyevning yangi ish joyiga qiziqayotganlarga esa shuni ayta olamizki, unga "sovchi"lar bor. O‘tgan yili Qozog‘istonga chaqirishdi, ammo bormadi. Endi esa u erkin qushga aylandi. Istalgan chorlovni ko‘rib chiqishi hamda qabul qilishi mumkin. Balki allaqachon bir klub bilan kelishib bo‘lganmi? Bo‘lishi mumkin!
Shuhratbek Jo‘rayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi