1 745
«Qizilqum» atrofidagi shubhalar: «Surxon»ning «qutqarilishi», kulguli gollar va Lazarevichning iqrori
Foto: Qizilqum
Superliga 23-turiga qadar Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borgan «Qizilqum»ning Hamidjon Aktamov bosh menejerligidagi «Surxon»ga mag‘lubiyatga uchrashi har qancha shubha uyg‘otib, munozara, e’tiroz, kinoyalarga sabab bo‘lmasin, Navoiy klubi «Paxtakor»ga qarshi bahsda ham o‘tkazib yuborilgan navbatdagi kulguli gollar bilan e’tibor markazida bo‘ldi.
«Bugun «Neftchi» va «Metallurg» haqiqiy erkakcha futbol o‘ynadi, uchinchi klub esa g‘ururi bo‘lsa 5-6 futbolchisini Toshkentda qoldirib kelaverishi kerak, so‘nggi turda yoshlar o‘ynagani yaxshiroq», - deya yozdi PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev «Qizilqum»ning chempionlik uchun kurash olib borayotgan «Paxtakor»dan uchralgan 0:6 hisobidagi mag‘lubiyatidan so‘ng.
PFL bosh direktorining «Qizilqum» safidagi bir qator tajribali o‘yinchilarni nazarda tutib, «uchinchi klub g‘ururi bo‘lsa 5-6 futbolchisini Toshkentda qoldirib kelaverishi kerak», deya aytgan fikri faqat Toshkentdagi xatolari uchun emas, ikki tur avval Olmaliqda «Surxon»ga qarshi bahsdagi shubhali mag‘lubiyati uchun ham atalgan bo‘lsa, ajabmas.
So‘nggi ikki safar o‘yinida Olmaliq va Toshkentdagi mag‘lubiyatlardan so‘ng «Qizilqum» bosh murabbiyi Nikola Lazarevich ham jamoasi oldida ojiz qolganini uning matbuot anjumanida yangragan ushbu so‘zlari tasdiqlaydi:
«Futbolchilarning o‘z vazifalari bor, yigitlar tajribali. Ammo bir narsani aytish kerakki, bu jamoani men yig‘maganman. Agar jamoani o‘zim yig‘ganimda boshqa gap edi».
Bu bilan Lazarevichning «Surxon» va «Paxtakor» o‘yinidan keyin qo‘l ostidagi futbolchilarga ishonchi qolmaganini sezish qiyin emas. «Qizilqum» ijrosidagi so‘nggi ikki safardagi o‘yinda aksariyat futbolchilarning shubhali harakati muxlis va mutaxasssislarda bo‘lgani kabi jamoa ichida bo‘lgan xorijlik bosh murabbiyning o‘zida ham shubha uyg‘otgani tabiiy.
Lazarevichning fikrlariga qo‘shilmay iloj yo‘q – «Qizilqum» tarkibini yil boshida u emas, hozirda «Surxon» bosh menejeri sifatida ishlayotgan Hamidjon Aktamov shakllantirgan. Uzoq yillar «Qizilqum»ni boshqargan mutaxassis taklif etgan ayrim o‘yinchilar aynan uning amaldagi jamoasiga qarshi bahsda kulguli xatolarga yo‘l qo‘ygani turli savollarni tug‘dirishi tabiiy.
Xususan, «Surxon» - «Qizilqum» (2:0) uchrashuvidagi penaltidan keyingi 2-goldagi himoya chizig‘ining bolalarcha xatosi futbol ichidagi har qanday kishida shubha uyg‘otgani aniq.
Yuqoridagi vaziyatda navoiyliklarning uzoq yillik tajribali himoyachilari Sherali Jo‘rayev va Fayzulla Qambarovning harakatlariga izoh bera olishar, ammo mavsum boshida Hamidjon Aktamov tomonidan taklif etilgan 88-raqamli chap qanot himoyachisi Artyom Dmitriyev va 75-raqamli himoyachi Oleg Tolmasovning harakatlarini qanday tushunish mumkin? Rossiyalik o‘yinchilarning Navoiyga taklif etgani uchun Aktamovga rahmatimi bu? «Surxon» aynan ushbu g‘alaba bilan yakunda Superligada qolish vazifasini bajardi.
Foto: Qizilqum
- «Surxon» kelajakda o‘sishi va to‘g‘ri yo‘ldan borishi uchun klub loyihasi haqida jiddiy bosh qotirish shart. Futboldan nimadir oladigan va uni loyqalashtiradigan insonlar emas, unga nimadir bera oladigan kishilar juda muhim. Maqsadga shunday kishilar bilan erishish rejada bor bo‘lsa, qing‘ir ishning qiyig‘i 40 yilda ham chiqadi, - deya yozadi Diyor Imomxo‘jayev Termiz klubi ligada qolish vazifasini bajargach.
Umuman olganda, mavsum yakunida «Qizilqum» bilan shartnomasi yakuniga yetadigan Oleg Tolmasovning so‘nggi turda ham «Paxtakor»ga qarshi muhim o‘yinning dastlabki uchta golida Dragan Cheranga shunchaki «sovg‘a» ulashgani rossiyalik himoyachiga nisbatan turli shubhalarni asoslantiradi. Ko‘ring va zavqlaning:
«Qizilqum» bosh murabbiyi Tolmasovning 3-goldagi vaziyatda maydonga qulaganidan keyin 57-daqiqada uni maydondan olishga qaror qildi. Ammo bu kulguli gollar kamayishiga sabab bo‘lgani yo‘q.
Foto: Qizilqum
Toshkentdagi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin Nikola Lazarevich «Surxon» bilan o‘yindan keyin allaqachon iste’foga chiqishga qaror qilgani, mavsum yakunigacha chidab turganiga sha’ma qildi.
- «Surxon» bilan o‘yindan so‘ng iste’fo berishimni ta’kidladim. Ketishni istadim. Ammo mavsum oxirigacha qoldim. «So‘g‘diyona» bilan o‘yin men uchun «Qizilqum»dagi oxirgisi bo‘ladi. So‘nggi o‘yinda hammasi yigitlarning o‘ziga bog‘liq. Ular o‘z vazifalarini bajarishni istasa, oxirgi turga har tomonlama tayyorlana olishadi. «Navbahor», «Metallurg»ga qarshi o‘yinlardan so‘ng ketishni istagandim. «Surxon» bilan uchrashuvdan keyin esa qarorim yuz foiz aniq edi. Faoliyatimda yangi chaqiruv va restart zarur, - deya fikr bildirgan Lazarevich.
Foto: Qizilqum
Moliyaviy jihatdan yuqori o‘rinlar uchun da’vogarlik qilishga kuchi yetadigan «Qizilqum» oxirgi mag‘lubiyatlaridan keyin OCHL yo‘llanmasi uchun kurashdan chiqdi, jamoa so‘nggi turda ham o‘ziga kela olmasa turnir jadvalida 7-pog‘onaga tushib ketishi ham hech gap emas. Mavsum yakunida klubda o‘zgarishlar qilinishiga shubha yo‘q, chunki baquvvat homiyga ega Navoiy klubi yuqori o‘rinlarga munosib. Ammo joriy mavsum yakunidagi xunuk holatlar shunchaki javobsiz qolishi bu jamoa ishqibozlari va Superligani kuzatib borgan oddiy muxlislarga nisbatan adolatdan bo‘lmaydi.
Said Usmon
Qizilqum1, Hamidjon Aktamov1, Surxon1, Nikola Lazarevich1 “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi