“Navbahor” klubi yaqinda tajribali hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqovning transferini e’lon qildi. 32 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumni “Qizilqum”da o‘tkazganidan xabardorsiz.
Superliga doirasidagi bahslarda u 23 ta o‘yinda 13 ta gol urdi. Abduholiqov “Navbahor”da ham to‘purarlik salohiyatini ko‘rsata olishi kutilmoqda.
Yangi jamoasining Turkiyadagi yig‘iniga qo‘shilgach, futbolchi Sports.uz jurnalistining savollariga javob berdi.
- “Navbahor”dan sizga ilk taklif qachon bo‘lgandi va muzokaralar qiyin kechmadimi?
- Yozdan beri muzokaralar davom etardi. Juda qiyin kechdi, muzokaralar uzoq bo‘ldi. Nasib qilgan ekan, mana “Navbahor”ga qo‘shildim.
- Bungacha ham faoliyatingizni “Navbahor” klubida davom ettirish imkoniyati bo‘lgandi. Balki bu yerga ertaroq kelganingizda qandaydir sovrinlarga ega chiqqan bo‘lishingiz ham mumkin edi. Klubga kelishda kech qolmadim deb o‘ylaysizmi yo ayni vaqtida keldim, degan fikrdamisiz?
- Ha, bir necha mavsum davomida takliflar bo‘lgan. Ayni vaqtida keldimmi yoki yo‘qmi, buni chempionat so‘ngida bilamiz. Albatta, yaxshi niyat qilamiz.
- Bosh murabbiy Samvel Babayan bilan ilgari ham yo‘llaringiz kesishgan, birga faoliyat olib borgansizlar. Hozirda murabbiy bilan munosabatingiz qanday? Agar suhbatlashgan bo‘lsangiz, jamoadagi rolingizni qanday tasvirladi?
- Munosabatlarim yaxshi, yomon bo‘lganida chaqirmagan bo‘lardi. Shu o‘rinda bitta narsani aytib o‘tishim kerak, qarzni qaytarish vaqti keldi. Ya’ni, menga yosh paytimda “Paxtakor” safida ishonch bildirgan. Shuning uchun qarzni qaytarishni ayni payti deb o‘ylayman. Hammamiz insonmiz.
- Turkiyada “Navbahor”ning mashg‘ulotiga qo‘shildingiz. Bu bilan yangi klubdagi hayotingiz boshlandi. Taassurotlar qanday?
- Yig‘in yaxshi o‘tyapti. Har doimgidek jamoa iliq kutib oldi. Ko‘p insonlarni taniyman. Muammo yo‘q.
- “Navbahor” tarkibi kuchli, sovrinlar uchun kurashyapti. Bu yil Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi. Tabiiyki, to‘purar hujumchi sifatida sizni taklif qilishdi. Endi Abduholiqovdan ko‘p narsa kutiladi. Bosim ham bo‘ladi. Doim o‘ynagan klublaringiz kabi “Navbahor”da ham to‘purar bo‘lishga va’da bera olasizmi?
- “Navbahor”ga o‘tishimga asosiy sabablardan biri bu muxlislar to‘la stadionda o‘ynash, “aura”ni his qilish. To‘g‘ri, bosim bo‘ladi. Nasib qilsa, bosimni yengga olamiz. Gollar esa bo‘ladi. Va’da bera olmayman. Chunki barchasi faqat Allohga ayon. Ammo maksimum darajada harakat qilaman.
- “Qizilqum”dan ketganingizdan so‘ng “Surxon”ga o‘tishingiz kutilgandi. Bu nima uchun amalga oshmadi? Qolaversa, chetdan ham siz uchun variantlar ham bor edi-a?
- Hech kim bilan kelishuv bo‘lmagan. Faqat takliflar bor edi. Ha, ko‘p edi, takliflar. Lekin “Navbahor” nasib qildi. Klub rahbariyati, muxlislar, sovrinli o‘rinlar, mana shular “Navbahor”ga o‘tishimga turtki bo‘ldi. Chetdan? Ha, u yerdan ham takliflar ko‘p edi. Lekin qoniqtiradigani chiqmadi.
- “Navbahor”ning asosiy kuchi deb nimani aytgan bo‘lardingiz?
- Muxlislar.
- “Navbahor”ga o‘tgach, oldingizga qo‘ygan birinchi vazifangiz nima va ashaddiy ishqibozlarga qanday gapingiz bor?
- Albatta, chempionlik. Qani ko‘ramiz. Maqsadga erishishga maksimal harakat qilamiz. Qolgani Allohdan. Muxlislarga har qanday holatda ham “Navbahor”ga ishonishda, qo‘llab-quvvatlashda davom etinglar! Sizlarni qo‘llab-quvvatlashingiz biz uchun muhim.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi