294
Stevitsa Ristich: "Sifat bo‘yicha o‘zbek futboli yuqorida, ularni futbolingizning afsungarlari desam bo‘laveradi"
2010 yili “Bunyodkor” safida to‘p surgan makedoniyalik mohir hujumchi Stevitsa Ristichni hali unutmagan bo‘lsangiz kerak. O‘shanda yulduzli tarkib a’zosi sifatida o‘ynagan va gollar urgan. “Bunyodkor”ga Osiyo Chempionlar ligasi g‘olibi sifatida kelgandi. 2009 yili Janubiy Koreyaning “Poxan Stilers” tarkibida bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi.
Antaliyada Ristichni uchratib qoldik. Aniqrog‘i, Makedoniyaning “Sileks” klubida sport direktori lavozimida ishlayapti. Uni mehmonxonada ko‘rgan zahotimiz o‘zimizni tanishtirib, suhbatlashish istagimiz borligini aytdik. Stevitsa O‘zbekistondan ekanimizni bilgach, darhol rozilik berdi.
- Stevitsa, sizning yurtimizdagi faoliyatingizni yaxshi eslaymiz. O‘zbekistondagi faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan?
- O‘zbekistonda men uchun juda yaxshi taassurot qolgan. U yerda ko‘plab o‘yinlar super darajada bo‘lgan. Juda ko‘p do‘stlarim bor. Ular bilan yaxshi aloqadamiz. O‘zbekistondagi o‘yinlarini ko‘rib boraman. O‘tgan yili “Paxtakor” chempion bo‘ldi. U yerda mening do‘stim Slavche Voyneski bosh murabbiy bo‘lib ishladi. O‘zbek halqini va futbolini juda yaxshi ko‘raman. Yurtingizda o‘zimni juda yaxshi his qilganman.
- Bundan chiqdi, chempionatimizni doimiy ravishda kuzatib borasiz-a?
- Ha, albatta kuzatib boraman. “Bunyodkor” o‘rta pog‘onalarda bormoqda. Oxirgi marta “Paxtakor” chempion bo‘ldi. Shuningdek, “Navbahor” ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Terma jamoa esa har xil holatda. Umuman, olib qaraganda yomon emas.
- Xabaringiz bo‘lsa, “Bunyodkor” ham Antaliyada...
- Ha, ular istiqomat qilayotgan mehmonxonaga borib ko‘rishib keldim. O‘tgan yili Viktor Karpenko bosh murabbiy edi. O‘tgan yili mana shu mehmonxonada bo‘lishgandi. O‘shanda ham ko‘rishgandik. Ular bilan doim aloqada bo‘lib turaman.
- “Bunyodkor”dan keyingi faoliyatingiz qanday kechdi? O‘zingizga yoqqanmi?
- “Bunyodkor”dan ketib Rossiyaning “Amkar” jamoasiga bordim. Keyin Janubiy Koreyada “Samsung Suvon”da o‘ynadim. Yaponiyada bir yil to‘p surdim. So‘ngra Koreyaga qaytib “Chonnam Dragons”da yana uch mavsumni o‘tkazdim. 2016 yili futbolchilik faoliyatimni yakunladim. To‘rt-besh yil futboldan dam oldim. O‘tgan yildan boshlab “Sileks” jamoasida ish boshladim. Bu jamoada o‘smirlik chog‘imda o‘ynaganman. Chempionatda 4-5-pog‘onadamiz. Kubok yarim finaligacha boryapmiz. O‘tgan mavsumda Kubok finalida maydonga tushganmiz. Jamoaning ishlari chakki emas.
- “Sileks”da sport direktorisiz. Balki murabbiy bo‘lib ishlash rejangiz ham bormi?
- Men yosh futbolchilar bilan ishlashni juda xohlayman. Sababi o‘g‘lim hozir 12 yoshda. Futbol akademiyasi ochish rejamda bor. Hozir sport direktori lavozimidaman. Sport direktori futbolni tushunadigan inson bo‘lishi kerak. Murabbiyilar bilan ham birgalikda ishlaymiz. Keyinroq bu sohada ishlaymanmi, bilmayman, lekin hozirgi ishimdan mamnunman.
- O‘zbek futbolidagi sobiq klubingiz va sobiq futbolchilar bilan aloqangiz qanday?
- Aytib o‘tganimdek, Viktor Karpenko bilan qalin aloqadamiz. Anvar G‘ofurov, Aziz Haydarov, Ignatiy Nesterov qolaversa yana ko‘plab insonlar bilan yaxshi aloqalarimiz mavjud. Misol uchun Mirjalol Qosimov hozir murabbiy bo‘lib yuribdi. U bilan doim gaplashib turamiz. Futbol o‘z yo‘liga, do‘stlik aloqalari futboldan keyin ham hayotda abadiy qoladi, albatta.
- Qachondir O‘zbekiston chempionatiga qaytishingiz mumkinmi?
- Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hayotim futbol bilan bog‘liq. Jiddiy taklif bo‘lsa, ishlayman, albatta. Hayotimda futbol va oila juda muhim.
- Rostini ayting-chi, O‘zbekiston futboli va mamlakatimizni sog‘indingizmi?
- To‘g‘risi, ha, sog‘inaman. “Bunyodkor”dagi davrlar juda ajoyib o‘tgan. Super darajada bo‘lgan. Ko‘p o‘yinchilar terma jamoa saviyasidagi yigitlar edi. Shuningdek, Rivaldo, Denilson kabi yulduz futbolchilar bor edi. Skolari esa bosh murabbiy bo‘lgan. Bu boshqacha davrlar va boshqa daraja edi. Tabiiyki, Toshkent chiroyli, ajoyib shahar. Bu to‘qqiz oy mening futbolchilik faoliyatimdagi eng zo‘r davri bo‘lgan. Ko‘plab gollar kiritdim, ko‘plab g‘alabalar qozondik. Sentyabr oyida ketganimda ikiinchi o‘rindagi jamoa bilan o‘rtada 15 ochko farqi bor edi. Kubokda 1:0 hisobida yutgandik. O‘shanda men g‘alaba to‘pini kiritgan edim. Siz meni unutmasdan suhbatlashib o‘tirganingizdan xursandman.
- Hozirda Rivaldo bilan aloqangiz saqlanib qolganmi?
- Albatta, instagramda aloqalarimiz bor. Denilson bilan ham doim aloqada bo‘lib turaman.
- Demak, hozirgi ishingizdan qoniqyapsiz-a?
- Albatta, ishimdan qoniqyapman. Yaxshi jamoa shakllantirganmiz. Bizda to‘rt jamoa Yevropa Kuboklarida o‘ynaydi. Bu yil kuchli uchlikka kirishga harakat qilamiz.
- O‘zbek futbolining bugungi darajasini qanday baholaysiz? Masalan, terma jamoamizni ham bilasiz...
- Terma jamoaning ishlari unchalik yaxshi emas. 2010-2012 yillarda yaxshi jamoa bo‘lgandi. Timur Kapadze, Server Jeparov o‘ynagan. Osiyo Kubogida yarim finalmi yo finalgachami yetib borishgan, yaxshi jamoa edi. Hozir esa natija yo‘q. O‘zbek futbolini 3-4 yil oldingi davr bilan solishtirganda oxirgi 2 yilda yaxshilanib boryapti. “Navbahor”, “So‘g‘diyona” va yana boshqa jamoalarning moliyaviy ahvollari yaxshilangan. Bunday hollarda yaxshi futbolchilar yetishib chiqadi. Sifat bo‘yicha o‘zbek futboli yuqorida.
- Bilasizmi, ayni paytda Kapadze O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi va “Olimpik” klubi bosh murabbiyi...
- Oxirgi paytda aloqada bo‘lmay qoldik. Kapadze juda yaxshi inson. Futbolchilik davrlari ham yaxshi o‘tgan. U o‘z vaqtida Koreyada ham o‘ynagan. Timur juda aqlli. Futbolni zo‘r tushunadi. Mendan O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar eng yaxshi futbolchilari haqida so‘rashsa, Kapadze bilan Jeparovni aytaman. Ularni o‘zbek futbolining afsungarlari desam ham bo‘laveradi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»