08:00 / 26.02.2023
597

Bir million yevro! Legionerimiz jamoasining eng qimmat futbolchisiga aylandi!

Bir million yevro! Legionerimiz jamoasining eng qimmat futbolchisiga aylandi!

Qozog‘iston Premer-ligasining yangi mavsumida o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari hamyurtlarimiz o‘ynayotgan ikkita jamoa – “Tobol” va “Ordabasi”ga muxlislik qiladigan bo‘lyapti.

“Tobol” jamoasi ikki mavsumdan beri chempionlik uchun kurashib kelmoqda. Igor Sergeyev asosiy to‘purar hisoblangan ushbu klub futbolchilari 2021 yilgi chempionatni oltin medal bilan yakunlagan edi.

O‘tgan mavsumda kustanayliklar chempionlik unvonini “Astana”ga boy berib, o‘zlari bronza medal bilan kifoyalandi. Bu yil ular yana chempionlik mavqeini qaytarib olmoqchi.

“Ordabasi”  ham yangi mavsumda chempionlikni ko‘zlayapti. Bu klub o‘nga yaqin yangi o‘yinchilar bilan kuchaytirildi. Kelganlarning aksariyati Qozog‘iston terma jamoasi a’zolaridir. Shuningdek, qishki transferlar davrida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki hujumkor futbolchisini Shimkent jamoasi sharafini himoya qilishga ko‘ndirishdi.

Dastlab, bu klubda yarim mavsum ijarada o‘ynagan Shahboz Umarovni Belarus chempionati vakili BATE klubidan 50 ming yevroga xarid qildi.

2022 yilgi Belarus chempionatining haqiqay qahramoniga aylangan Bobur Abduxoliqovning Shimkentga kelishi umuman kutilmagan voqea bo‘ldi. Mavsumda 26 ta gol urib, chempionat oliy liga to‘purari, Belarus chempionatlari tarixida eng ko‘p gol urgan legioner va liganing eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etilgan 25 yoshli hujumchi Yevropaning kuchliroq ligalaridan biriga o‘tishi kutilgandi.

Lekin “Ordabasi” klubi rahbariyati hamyurtimizni o‘z loyihasining istiqboliga ishontirgan ko‘rinadi.

Bobur Abduxoliqov “Ordabasi”ning eng qimmatbaho futbolchisiga aylandi. Muvaffaqiyatli mavsumdan keyin uning transfer summasi bir million yevroga ko‘tarilgan edi. Transferlarga ixtisoslashgan https://www.transfermarkt.world portalining reytingida keyingi o‘rinlarda ukrainalik markaziy himoyachi Sergey Maliy va jamoa sardori Asxat Tagibergen qayd etilgan. Har ikkisining narxi 750 ming yevroga teng.

Jamoadagi yana bir legionerimiz Shahboz Umarov o‘tgan mavsumda BATEdagi mojarolar tufayli yarim mavsum futboldan chetda qolib ketgani sababli, uning narxi ancha pasaygan va bugungi kunda 400 ming yevroni tashkil qilmoqda.

“Tobol” hujumchisi Igor Sergeyev ham o‘z jamoasining eng qimmatbaho o‘yinchisidir. Aslida o‘tgan mavsumda legionerimizning transfer summasi 300 ming yevroga pasayib,  bir million 400 ming yevroga tushgan bo‘lsa-da, chempionatning eng qimmatbaho futbolchisi nomini saqlab qolgandi.

Yanvarda “Astana” klubi narxi 2,5 million yevroga baholangan Dambo Darboni o‘zi safiga qo‘shib olganidan keyin Igor Sergeyev bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi pog‘onaga tushib qoldi.

Bobur Abduxoliqov esa, umumiy reytingda to‘rtinchi pog‘onada qayd etilgan. Ikki hujumchimiz o‘rtasini “Astana”ning 1,2 million yevroga baholangan legioneri Maks Ebong ajratib turibdi.

Ekspertlari Qozog‘iston Premer-ligasining yangi mavsumida chempionat to‘purarligi uchun kurash asosan Igor Sergeyev, Bobur Abduxoliqov va Dembo Darbo o‘rtasida kechishini kutmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bir million yevro! Legionerimiz jamoasining eng qimmat futbolchisiga aylandi!