14:38 / 01.04.2023
146

"Metallurg" bosh direktori klubni boshqaradigan yangi mutaxassis haqida gapirdi

"Metallurg" bosh direktori klubni boshqaradigan yangi mutaxassis haqida gapirdi
Kutilganidek, “Metallurg” klubiga xorijdan yangi bosh murabbiy kelyapti. Kuni kecha klub bosh direktori Shavkat Saidov Sports.uz jurnalisti bilan suhbat chog‘ida sobiq murabbiy Luisma Ernandesning o‘rnini yana chet ellik murabbiy egallashining ehtimol yuqoriligi haqida aytgandi.
 
Ma’lum bo‘lishicha, bekobodliklar jamoasini chernogoriyalik Vesko Steshevich boshqaradi. Uning oxirgi ish joyi Tulaning “Arsenal” jamoasi hisoblanadi. Qolaversa, Rossiyada yana “Dinamo”, “Rostov” singari klublarda ham faoliyat ko‘rsatgan. “Metallurg” nega nomzodlar orasida Steshevichga to‘xtaldi? Yangi murabbiy nomi oydinlashgach, yana bir bor “Metallurg” bosh direktori Shavkat Saidovdan yangi ma’lumotlarni olishga qiziqdik.
 
- Yangi murabbiy masalasida rahbariyat tomonidan taklif bo‘ldi, - deya gap boshladi, Saidov. - 3-4 ta variant orasidan chernogoriyalikning nomzodi ma’qul ko‘rildi. Yaqinda sizga aytganimdek, bosh murabbiylikka xorijlik mutaxassis varianti ko‘rilayotgandi. Yangi murabbiyning rezyumelarini o‘rganib chiqdik. Bir qator klublarda bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Shuni inobatga olib yil oxirigacha hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Og‘zaki hal qilib bo‘ldik. Bugun keladi va rasman shartnoma imzolanadi.
 
- Muzokara jarayoni qiyin kechmadimi?
 
- Bilasiz, hozirgi futbolda hamma murabbiyni agentlari bor. Asosan uning agenti bilan gaplashdik. Shartnomaning har bir bandi ko‘rib chiqildi. Murabbiy o‘zi bilan bitta assistentini olib kelyapti. Bugun kelsa, tanishtiruv qilamiz. Ammo “Paxtakor” bilan uchrashuvga jamoani o‘zi olib tushadimi yoki yo‘qmi, bugun bilamiz. Balki bo‘lajak uchrashuvni o‘zi tribunadan kuzatib, keyingi uchrashuvga tayyorlashi ham mumkin. Steshevichni pro litsenziyasi bor. Tajribali mutaxassis. U haqida so‘rab-surishtirdik. Hamma ijobiy fikr bildirdi. Ruschani yaxshi bilarkan. Ishda o‘zini ko‘rsatib, natijalar yaxshi bo‘lsa, kelasi yilga hamkorlikni yana davom ettiramiz.
 
- Yangi murabbiyga klub tomonidan qanday talab qo‘yildi?
 
- Hozircha faqat agenti bilan gaplashdik. Bugun kelgach, o‘zi bilan alohida suhbatlashamiz. Yil boshidagi maqsadimiz aytiladi. Klub strukturasi unga tanishtiriladi. Minimum sakkiztalik va maksimum kuchli beshtalikka kira olsak va o‘yin falsafasi bo‘yicha hammaga manzur bo‘ladigan bo‘lsa, boya aytganimdek, ishni davom ettiramiz. Bilasiz-ku, biz “Metallurg”da hadeb murabbiy almashtiraverishni yoqtirmaymiz.
 
- Salkam bir yarim yil davomida ispaniyalik murabbiy bilan ishladinglar va endi chernogoriyalik mutaxassis bilan kelishuvga erishildi. Sir bo‘lmasa, narx-navosida qaysi biri qimmatroq?
 
- Ikkalasiniki ham bir xil. Oldin aytganman-ku, hammasi budjetimizga qarab. Agar imkoniyatimiz yanada kengroq bo‘lganida balki top darajadagi mutaxassisni olib kelarmidik?! Umuman, Luisma Ernandesniki bilan bir xil, unikidan kam ham emas, ko‘p ham emas.
- Vesko Steshevich Rossiya klublarida ham ishlagan ekan. Ayting-chi, bu murabbiyni ko‘proq nimasi shaxsan sizni o‘ziga jalb qildi?
 
- Shaxsan menga qiziq bo‘lgani shuki, 3-4 ta jamoada bosh murabbiy sifatida ishlagan. Chernogoriya yoki boshqa chempionatlarda ham ustozlik qilgan. Bir qator klublarda bosh murabbiylik qilgan mutaxassisga jamoamizni boshqarish qiyin bo‘lmasa kerak. Yoshi ham 50 dan oshgan, 60 ga yaqinlashib qolgan. Demak, futbolda ko‘pni ko‘rgan, tajribasi katta. Eng qizig‘i, u mashhur murabbiy Miodrag Bojovichning yordamchisi bo‘lib ishlagan. Bojovich bilan 3-4 ta klubda faoliyat olib borgan. Shu tomoni ham menga qiziq bo‘ldi. “Paxtakor”ning sobiq murabbiyi Miodrag Radulovichdan Steshevich haqida so‘raganimizda ham juda yaxshi fikrlarni bildirdi.
 
- Bosh murabbiy masalasida nima uchun o‘zimizning mahalliy kadrlarga to‘xtalmadinglar?
 
- Rahbariyat bilan gaplashganimizda bir qator mahalliy murabbiylarimizning ham nomzodlari bor edi. Ammo ularni varianti ko‘rib chiqilmaganini asosiy sababi aksariyatini bilamiz va ishlaganmiz. Mana, ispaniyalik mutaxassisning ish uslubini ko‘rdik. Endi chernogoriyalik murabbiy bilan ishlaymiz. Bu albatta tajriba. Qani bunda qanday yangilik bor? Solishtiramiz ham. Nimadir o‘rgansa bo‘ladi. Hali yana mahalliy murabbiylarimiz bilan ishlashga ulguramiz. Avval xorijlik mutaxassislarni ko‘raylikchi. Luisma Ernandesdan ham nimadir o‘rgandik. Tashkiliy ishlari, ishlash jarayoni borasida baribir o‘zimiznikilardan farqi bor. U ko‘p ma’lumotlarni yig‘ardi.
 
Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Metallurg" bosh direktori klubni boshqaradigan yangi mutaxassis haqida gapirdi