23:54 / 26.05.2023
129

Jasur Jaloliddinov: Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qo‘rqmasligi kerak

Jasur Jaloliddinov: Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qo‘rqmasligi kerak
Kecha 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining birinchi saralash bosqichiga qur’a tashlandi. Unda O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi “Ye” guruhidan o‘rin olib, Eron, Gonkong va Afg‘oniston termalariga qarshi bahs olib borishi haqida xabar bergan edik. Quyida terma jamoamiz va “Olimpik” klubi sardori Jasur Jaloliddinov bilan qur’a yakuni bo‘yicha kichik suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz:
 
– Jamoa sardori sifatida qur’a haqidagi fikrlaringiz qanday?
– Biz joy olgan “Ye” kvarteti yaxshi guruh bo‘ldi deb o‘ylayman. O‘zbekiston va Eron jamoalarining ushbu guruhdan o‘rin olgani uchun bahslar qiziqarli kechishini taxmin qilyapman. Fikrimcha, birinchi o‘rin uchun kurash aynan ushbu jamoalar o‘rtasida kechadi. O‘tgan yili yurtimizda o‘tgan Osiyo kubogida Eronni guruhda qoldirib ketganimiz uchun ular bu musobaqaga ancha jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishi aniq. Shu bois ikkala jamoa o‘rtasidagi bahs qiziqarli kechishiga shubha yo‘q.
 
– Ushbu bosqichning Osiyo o‘yinlaridan oldin o‘tishi qanday ahamiyat kasb etadi?
– Bellashuvlar yakunlanganidan so‘ng Osiyo o‘yinlariga yo‘l olamiz. Shu bois undagi har uch bahs muhim musobaqa oldidan tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Nasib qilsa, uchala o‘yinda ham g‘alaba qozonib, Qatarda o‘tadigan final bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan holda Osiyo o‘yinlariga jo‘nab ketamiz.
 
– Qur’ada ikkinchi savatdagi eng kuchli jamoa tushganida o‘zingiz va qolgan yigitlarning reaksiyasi qanday bo‘ldi?
– Eron bilan bir guruhdan o‘rin olganimiz ajablanarli bo‘lmadi. Buni xotirjam qabul qildik. Chunki biz o‘z kuchimizga ishonamiz. Oldimizga katta maqsadlarni qo‘yganmiz. Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qo‘rqmasligi kerak.
 
Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogining birinchi saralash bosqichi 4-12 sentyabr kunlari o‘tkazilib, “Ye” guruhi bahslariga Toshkent shahri mezbonlik qiladi.
 
Marhamat, quyidagi suratda barcha kvartetlar bilan tanishib chiqishingiz mumkin:

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jasur Jaloliddinov: Oldida ulkan marralari bor jamoa hech qanday raqibdan qo‘rqmasligi kerak
ePN