Husniddin Aliqulov Turkiyaning "Rizespor" jamoasiga ko‘chib o‘tganidan xabaringiz bor. Xo‘sh, bu jamoa haqida nimalarni bilamiz? Uning tarixi va Superligadagi imkoniyatlari haqidachi? Aliqulovga asosiy tarkib uchun joy kafolatlanganmi? Sizni qiziqtirgan eng muhim savollarga javob topishingiz mumkin.
Klub tarixi
“Rizespor” 1953 yilda tashkil topgan bo‘lib, o‘tgan mavsumni Turkiya birinchi ligasida o‘tkazgan. Ayovsiz kechgan bahsda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, tarkibini kuchaytirishni boshlab yubordi. Husniddin Aliqulov o‘tayotgan jamoaga asos solganlar: Yoqub Temizel, Atif Tavilo‘g‘lu, Ismet Bilsel, Yashar Tyumbekchio‘g‘lu va Muharram Kuyrukchi. Avvaliga yarim professional maqomda faoliyat olib borgan klub 1968 yildan boshlab professional jamoaga aylandi. Turkiyaning uchinchi divizionida harakatni boshlagan jamoa 1978/79 yilga kelib, birinchi ligada g‘olib chiqdi. Aynan o‘sha yili o‘z tarixida ilk bor Turkiya Superligasida debyut qilish imkonini qo‘lga kiritdi. Jamoa asosiy chempionatning doimiy ishtirokchisi emas, biroq doim ham quyida yurishga odatlanmagan. Turkiyaning o‘ziga xos “lift klublari”dan biri sanaladi. Jamoa uy o‘yinlarini sig‘imi 15 600 bo‘lgan “Eni Rize Shehir” arenasida o‘tkazadi.
Muxlislari o‘zining keskinligi bilan ajralib turadigan jamoani Turkiyada ishqibozlari juda ko‘p. Jamoa laqabi - “Qoradengiz qirg‘iylari”!
Vakilimiz zonasida kimlar to‘p tepishi va murabbiylar
Emirhan Topchi, Anil Yashar, Sinan Osmono‘g‘lu, Musafo Shengul va Selim Ay “Rizespor” jamoasi ro‘yxatdan o‘tkazgan markaziy himoyachilar. Ular orasidagi Sinan Osmono‘g‘lu o‘tgan mavsumni deyarli asosiy tarkib himoyasida o‘tkazgan. Unga sherik sifatida maydon markazini bo‘lishgan Bahodir Ozturk esa “Antalyaspor” jamoasiga qaytib ketdi. O‘tgan mavsumni ijara asosida "Rizespor" safida o‘tkazgan futbolchi ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgan edi. Mavsum davomida 28 o‘yinda ishtirok etgan himoyachini klubi ortga qaytarishga qaror qildi. Husniddin Aliqulov esa katta ehtimol bilan O‘zturkning o‘rnini berkitgani amalga oshirailayotgan transfer. Sababi, Bahodirning o‘yin uslubi va maydondagi funktsiyasi Husniddinniki bilan o‘xshash. Ya’ni, Aliqulov shunchaki zaxira o‘rindig‘i varianti emas, bo‘shab qolgan zonani kerakli kadr bilan to‘ldirish maqsadida amalga oshirilgan transfer. To‘g‘ri, bu terma jamoa a’zosiga turklar bitmas-tugammas ishonch bildiradi, degani emas. Maydonda o‘z kuchini va imkoniyatlarini to‘liq namoyish etish talab etiladi, albatta.
Husniddin Aliqulovning transferi
Bu transfer borasidagi rasmiy ma’lumotlar e’lon qilindi. 24 yoshli futbolchi 3+1 ko‘rinishida shartnoma imzoladi. Ya’ni u 3 yillik kelishuv muddatini yana 1 yilga uzaytirish huquqiga ega. Deyarli 2 yildan beri O‘zbekiston Superligasidagi eng yaxshi himoyachi ekanligini isbotlab kelayotgan Aliqulov uchun Turkiyaga yo‘l olgani eng ideal variantlardan biri. To‘g‘ri, “Nasaf” mavsumning asosiy qismida orqa chiziqdagi to‘puraridan mahrum bo‘lganini his qildi, biroq Aliqulovning kelajagi uchun hozir bu qaror eng to‘g‘risi hamdir. U professional futbolchi va shaxs sifatida to‘liq shakllanib bo‘lgan.
Boz ustiga, shundoq ham legionerga aylanishga kech qolganini o‘zi ich-ichidan sezib turibdi. Yoki hozir, yoki hech qachon. Aliqulov jahon darajasida futbol namoyish etishni istasa, “Rizespor”da asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylanishi talab etiladi.
Terma jamoamiz a’zosida tezlik, joyni to‘g‘ri tanlash va maydonni ko‘ra bilish qobiliyati yaxshi shakllanganini bir necha bor guvohiga aylandik. Endi o‘zining kuchli jihatlarini boshqa darajada ham ko‘rsata olishi lozim. Turkiya hukumati tomonidan o‘rta osiyolik futbolchilar legioner hisoblanmasligi e’lon qilingani Aliqulovning foydasiga ishlashi aniq. Turkiyada legioner limiti borasidagi bahslashuv hali-hamon davom etib kelmoqda. Kimdir uni oshirishni talab qilsa, boshqalar mahalliy futbolchilar etishib chiqishiga bu to‘sqinlik qiladi, deb hisoblaydi. Shu bois, Superligadagi legionerlar doim bosim ostida bo‘ladi. Aliqulov esa huddi mahalliy futbolchilar singari ortiqcha “davleniya”siz o‘z imkoniyatini namoyish etishi mumkin. Barchasi, uning o‘z qo‘lida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!