23:09 / 28.08.2023
1 614

O‘zbek bokschisining janjalli jangiga Ukrainadan munosabat bo‘ldi

O‘zbek bokschisining janjalli jangiga Ukrainadan munosabat bo‘ldi

Polshaning Vrotslav shahri mezbonlik qilgan professional boks kechasida o‘zbekistonlik Lazizbek Mullajonov va qozog‘istonlik Nursulton Amanjolov o‘rtasidagi jangda yuzaga kelgan vaziyatga Ukrainaning Dialog.ua sayti ham munosabat bildirdi.

Ukrainaliklarning bu jangga e’tibor qaratishi bejiz emas. Chunki bu to‘qnashuv ukrainalik Aleksandr Usik va britaniyalik Daniel Dyubua o‘rtasidagi to‘rtta yo‘nalish chempionlik kamarlari uchun tashkil etilgan musobaqa doirasida bo‘ldi.

Kechaning asosiy jangida Usik raqibini yengib, kamarlarni o‘zida qolishini ta’minladi.

Bu jangga qadar, o‘ta og‘ir vazn toifasidagi osiyolik ikki yengilmas bokschining o‘zaro to‘qnashuvi tashkil etildi. Bu bahs atigi bir raund davom etdi xolos.

Qozog‘istonlik raqib o‘zbek bokschisining shiddatli hujumlariga qarshi tura olmadi. Uchrashuv referisi jangni to‘xtatganidan keyin Nursulton Amanjolov unga e’tiroz qilib, hakamni turta boshladi va bir muddat mag‘lubiyatini tan olishni istamadi.

Aynan mana shu holat ko‘pchilikning e’tiborini tortdi va muxlisu mutaxassislar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.  Dialog.ua sayti ham bunga o‘z qarashlarini bildirdi.

- Ukrainalik va britaniyalik bokschilar o‘rtasidagi jang anderkardida Qozog‘iston vakili Nursulton Amanjolov va O‘zbekiston bokschisi Lazizbek Mullajaonov o‘zaro to‘qnash kelgan bahsda mojaroli vaziyat kelib chiqdi.

Birinchi raund oxirlarida o‘zbek bokschisi raqibini kanatga qisib qo‘yib, unga zarbalar seriyasini yo‘lladi. O‘sha pallada qozoq o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ydi: qo‘lini pastga tushirdi va jag‘iga yon tomonlama kuchli zarbani o‘tkazib yubordi.

Ringdagi hakam Amanjolovning bu tariqa do‘pposlanishini ortiq tomosha qilib tura olmadi va jangni to‘xtatdi. Qozog‘istonlik charm qo‘lqop ustasi bu qarorga umuman qo‘shilmadi. U o‘z burchagiga borishdan bosh tortdi, alamini hakamdan olishga urinib, uni bir necha marotaba turtkiladi ham.

Anchagacha davom etgan tortishuvlardan keyin qozoq bokschisi o‘z burchagiga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay baqirib ham oldi. Jangda Amanjolovga birinchi raundda texnik nokaut bilan mag‘lubiyat yozildi. Bu qozog‘istonlik bokschining professional faoliyatidagi birinchi mag‘lubiyati bo‘ldi, - deb yozdi Dialog.ua sayti.

Ta’kidlash kerakki, jangdan keyin o‘zini bosib olgan Nursulton Amanjolov instagram sahifasida post qoldirib, baribir mag‘lubiyatini tan oldi.

  • Jangda men yutqazdim. Shunday bo‘lishi taqdir qilingan ekan. Raqibimga muvaffaqiyat tilayman, - deb yozdi Amanjolov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga.

Shu tariqa, ham havaskorlar o‘rtasida, ham professional ringdagi faoliyatini davom ettirayotgan Lazizbek Mullajonov o‘z hisobiga yana bir katta g‘alabani yozdirib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, Mullajonov havaskorlar boksida Osiyo chempionati g‘olibi, jahon chempionati sovrindori va harbiylar o‘rtasidagi jahon chempioni hisoblanadi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbek bokschisining janjalli jangiga Ukrainadan munosabat bo‘ldi