06:29 / 02.09.2023
341

Italiyada Mourinoning davri o‘tayotganini tushuntirib qo‘yishdi(mi?)

Italiyada Mourinoning davri o‘tayotganini tushuntirib qo‘yishdi(mi?)

Italiya A Seriyasi 3-turi doirasida "Roma" klubi o‘z maydonida "Milan"ni qabul qildi. Qiziqarli va taktik kurashlarga boy kechgan bahsda milanliklar 2:1 hisobida maydon egalarini taslim qildi. Quyida ushbu bahsni qisman tahlil qilishga va Mourinoning "Roma"si atrofidagi muammolarni ko‘tarib chiqarishga qaror qildik.

Birinchi taym ssenariysi

"Milan" ilk 45 daqiqalikda raqibga "non qoldirmadi". Pioli shogirdlari har bir chiziqda ustunlikni o‘z qo‘liga oldi. O‘z navbatida, "Roma" futbolchilari bunday uslubdagi futbolga qarshi ojiz ekani namoyon bo‘lib qoldi. Rimliklar dastlab maydon markazini, so‘ngra to‘p nazoratini mehmonlarga topshirib qo‘ydi. Natijada, milanliklar maydonda yanada erkin harakat qila boshladi.

Statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birinchi bo‘limda to‘p nazorati 68ga 32 foiz edi. Bu katta jamoalar o‘rtasidagi o‘yin ekanini inobatga olsak, bir tomonning bu qadar ko‘p to‘p bilan muomala qilishi narigi tomonning o‘yini chiqmayotganidan dalolat beradi. Zarbalar bo‘yicha ham "Milan" yaqqol ustunlikka ega bo‘ldi - 6:3 (umumiy zarbalar), 2:0 (aniq zarbalar). Mourino shogirdlari ilk taymda aniq zarba berishni eplay olmadi.

Uzatmalar soni bo‘yicha 326ga 157, yana mehmonlarda ko‘proq. "Rossonerilar"ning 326 tadan 293 ta pasi aniq chiqqan, bu 90 foizlik aniq natija degani. "Bo‘rilar"da esa bu ko‘rsatkich 157 tadan 123 ta aniq ekanini ko‘rsatmoqda. 78 foiz aniqlik, juda yomon emasdir. Ammo bu yaxshi ham emas.

Ikkinchi taym ssenariysi

Keyingi 45 daqiqalikda voqelik biroz boshqacha ko‘rinish oldi. Bunga Tomorining qizil olib, maydonni erta tark etgani sabab bo‘ldi. Bir kishi kam bo‘lib qolgach, "Milan" orqaroqqa surildi. Mezbonlar esa maydon markazini qo‘lga olib, raqib jarima maydoni tomon hujumlar tashkil qila boshladi. Shunga qaramasdan, Mourning shogirdlari ha deganda ichkariga yorib kirishning uddasidan chiqa olmadi. Zarbalar asosan, jarima maydoni tashqarisidan yo‘llandi. Gol ham shu tariqa urildi. Ya’ni o‘xshab qolar, degan maqsadda tepilgan to‘p "rikoshet" orqali darvoza to‘ridan joy oldi. Spinatssola urgan golning sal kengaytirilgan izohi shunday ko‘rinishda bo‘ldi, bizningcha.

Hujumning yana bir usuli sifatida zaxiradan tushgan Lukakuning "boshidan foydalanish"ni ma’qul ko‘rishdi. Ammo ikkinchi qavat ham "Milan" vakillari tomonidan kuchli nazorat ostida ushlab turildi. Qisqasi, o‘yin davomida "Milan" to‘p bilan ham, to‘psiz ham bahsni nazorat qilib turdi va haqli tarzda safardan 3 ochko bilan qaytadigan bo‘ldi.

Mourinoning "Roma"siga nimalar bo‘lyapti o‘zi? 

Rim klubi A Seriyaning dastlabki 3 turida atigi 1 ochko to‘play oldi, xolos. U ham bo‘lsa "Salernitana"dek autsayder jamoa bilan qayd etilgan durang natija hisobiga. Nimaga Joze mavsum startida bu qadar omadsizliklarga duch kelmoqda? Muammoning asl ildizi nimada? Keling, shu savollarga javob topamiz.

Birinchidan, "Roma" shifokorlari ayni vaqtda jarohatlanganlarni safga qaytara olmasdan qiynalib ketgan. Abraham lazaretda (katta ehtimol, yangi yildan maydonga tushadi), Dibalada mushaklar noziklashgan (bugun ham mushaklar shikastlangani sabab o‘yinni o‘tkazib yubordi), Spinatssola esa endi jarohatidan qutildi. Hatto, yangi olib kelingan Azmun va Sanchesh kabi futbolchilarda ham turli jarohatlar borligi ma’lum qilingan. Ko‘rinib turibdiki, Mour uchun bahona qilishga yetarlicha sabablar mavjud.

Ikkinchidan, klub murabbiy istagan tarkibni yig‘ib bera olmayapti. Dibala, Lukaku, Patrisiu singari yulduzlar yetmaydimi, deyishingiz mumkin. Biroq billur futbolchi bo‘lib qolayotgan Dibala, futbol olamida "qorong‘u kunlar"ni boshdan kechirayotgan Lukaku va qarib borayotgan Patrisiudek futbolchilar bilan ko‘p narsa qilish mumkinligiga ishonish qiyin. Zaxira o‘rindig‘i ham tajribasiz, yuqori darajada bo‘lmagan yigitlar bilan to‘ldirilgan. Mourinoning uslubi "o‘tmaslashib" borayotgan bir paytda unga sifatli o‘yinchilarning olib berilmayotgani muammo ustiga muammoni yuzaga chiqaryapti.

Uchinchidan, raqiblar Jozening taktikalarini o‘rganib chiqib bo‘lishgan. Portugal esa qaysarlik bilan o‘sha bir xil uslubdan foydalanishni kanda qilmayapti. Avvallari "ko‘za kuniga emas, kunda sinardi". Endi esa takroriy xatolar qilinavergach, ko‘za mo‘rtlashib kuniga sinib ketmoqda.

Bugun "Milan" poytaxtliklarning ojiz nuqtalariga yaxshigina zarbalar bera oldi, buni Italiyada boshqalar ham kuzatdi yoki endi kuzatadi. Mourinoning vazifasi - qiyin sharoitda bo‘lishiga qaramasdan tirqishlarni oqilona yo‘l bilan yamab chiqish. Italiyada futbol mavsumi start oldi, muammolar olamiga xush kelibsiz, Don Mourino!

 Shohrux Zoirov.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Italiyada Mourinoning davri o‘tayotganini tushuntirib qo‘yishdi(mi?)