22:11 / 06.10.2023
536

Ernandes: "O‘zbekistondan bo‘ladigan har qanday taklifni eshitishga tayyorman, men omadli insonman"

Ernandes: "O‘zbekistondan bo‘ladigan har qanday taklifni eshitishga tayyorman, men omadli insonman"

“Metallurg” klubida bir necha mavsum bosh murabbiy sifatida ishlagan ispaniyalik Luisma Ernandesni yaxshi bilasiz. Ushbu mavsum boshida bekobodliklar bilan xayrlashgan murabbiy hozirda o‘z vatani – Ispaniyada. Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Luisma bilan bog‘landi.

- Janob Ernandes, O‘zbekistondan ketganingizdan so‘ng nima bilan mashg‘ulsiz?

- Men ushbu vaqt davomida ayrim shaxsiy masalalarim va oilaviy muammolarimni hal qilib oldim, xuddi Bekobod klubidan ketayotganimda xabar qilinganidek. Aytishim mumkinki, baxtimga hammasi men va oilam uchun yaxshi yakunlandi. Jamoada menga yaratib berilgan yengillik hamda qulaylik uchun minnatdorchilik bildirgan bo‘lardim. Shuningdek, ushbu vaqt davomida kelajakdagi ishlarim hamda loyihalarim uchun izlandim. O‘rganishlar mobaynida Yevropa, AQSH bo‘ylab bir nechta safarlarga ham chiqishga ulgurdim.

- “Metallurg” klubidagi faoliyatingiz davomida nima o‘rgandingiz va jamoaga nima bera oldim, deb o‘ylaysiz?

- 2021 yil yozida “Real” Madrid foundeyshn akademiyasi bilan klub akademiyasi hamkorligida tashkil qilinganida uning faoliyatini boshlab olishida texnik direktor lavomizda ozmi-ko‘pmi yordamim tegdi. O‘ylaymanki, bu juda yaxshi loyiha. Uning dastlabki bosqichidan bir bo‘lagi bo‘lganimdan xursandman. Shu bilan birga O‘zbekiston davlati rahbarining tashrifi ham bu loyiha qay darajada katta ekanini ko‘rsatib beradi. Keyinroq 2021 yilning o‘zida “Metallurg” klubining bosh murabbiyi sifatida ishlashga muvaffaq bo‘ldim. So‘nggi uchrashuvlarda jamoani Superligada olib qolish vazifasini uddaladik. 2022 yilgi mavsumda ham yaxshi kompaniya tuzib, yaxshi o‘yinlar o‘tkazdik. Mutaxassislarning yordami, futbolchilardan Lobanov, G‘ofurov, Bekmurodov, Palich, O‘rinboyevning ko‘maklari, qolaversa bir qator yoshlar – Abdumannonov, Ibragimov, Ne’matjonov, Sharipov, Abdurazzoqov, Temirov, Toshqo‘ziyev, G‘ofurbekov va Sattorov kabi bir qator yosh futbolchilarni katta jamoa darajasiga chiqarishda yaxshigina yordam berishdi. 2023 yilda ular bir muncha boshqacha g‘oya bilan boshlashdi.

- Hozirda sobiq jamoangizni qanchalik kuzatib boryapsiz va qanday o‘zgarishlarni sezyapsiz?

- Albatta, “Metallurg”ni doim kuzatib boryapman va ularga omad tilayman, eng yaxshisini tilab qolaman. Nafaqat Superligada, balki akademiya miqyosida hamda klub bilan ham bog‘liq ajoyib xotiralarim bor.

- Xizmatingizga takliflar bo‘lyaptimi? Yana murabbiylik faoliyatingizga qaytishni xohlaysizmi yoki hali yana biroz dam olishingiz kerakmi?

- Ayni vaqtda barcha oilaviy va shaxsiy masalalarimni hal qilishga ulgurdim. Endi takliflar bilan ishlashni boshlaymiz Ularni ko‘rib chiqishda oilam bilan maslahatlashaman. Oilamdagilarning fikrlari men uchun muhim. Xorijdagi takliflarni o‘rganib chiqishga harakat qilyapman. Futbol mutaxassisi sifatida o‘zimni xorij ligalarida sinab ko‘rmoqchiman.

- O‘zbekistondan yana qiziqishlar bormi? Mamlakatimizda sizga ko‘proq nima yoqqandi?

- O‘zbekiston to‘g‘risi, meni pozitiv jihatdan juda hayratlantira oldi. Bu shunday davlatki, Osiyoda o‘z so‘zini aytishga harakat qilyapti. Yaxshi baza va asosga ega bo‘lish ilinjidalar. Ular o‘zlarini turli xil xalqaro musobaqalarda eng yaxshilar qatorida bo‘lishni juda yaxshi ko‘rishadi va buni xohlashadi. Madaniyati va obidalari, umuman tarixi menga juda yoqqan. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarida bo‘lib, ushbu davlatning madaniyati haqida juda yaxshi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Ko‘rganlarim menga juda manzur kelgan. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, professional mutaxassis sifatida O‘zbekistondan bo‘ladigan har qanday taklifni bajonidil eshitib, ularni chin dildan o‘ylab ko‘rishim aniq.

- “Metallurg” klubi bilan hamon aloqadamisiz? Kimlar bilan gaplashib turasiz?

- Oldin aytganimdek, bu jamoani kuzatib boraman va omad tilayman. Men bu klubda va Bekobod shahrida ko‘plab do‘stlar orttirdim. Ulardan doimo minnatdorman.

- O‘zbekiston chempionatida ko‘rgan futbolchilaringiz orasida siz uchun eng yaxshilari kimlar?

- Bu savolga aniq javob berishim juda qiyin. Aytishim mumkinki, men omadli insonman. Shu darajada ajoyib murabbiylar shtabi va yaxshi futbolchilar bilan birgalikda “Metallurg”da ishlay oldim. Oldin ham ta’kidlab o‘tganimdek, biz o‘z jamoamizda yoshi kattalar va yoshlarni birlashtira olgandik. O‘zbekiston Superligasidagi futbolchilar, ular o‘zbekmi yoki legionerlar bo‘ladimi, barchasini yaxshi saviyaga ega o‘yinchilar deb aytishim mumkin. Ular har bir pozitsiyada o‘ziga yarasha kuchga va salohiyatga ega. O‘ylashimcha, O‘zbekiston Superligasi darajasining o‘sishida hamda milliy terma jamoaning rivojlanishida ozmi-ko‘pmi hissa qo‘sha oldim. Bundan xursandman. Barchaga rahmat!

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ernandes: "O‘zbekistondan bo‘ladigan har qanday taklifni eshitishga tayyorman, men omadli insonman"