11:00 / 08.10.2023
88

Turlicha maqsadga ega bo‘lgan “Buxoro” - “Navbahor” o‘yinidan nimani kutyapsiz?

Turlicha maqsadga ega bo‘lgan “Buxoro” - “Navbahor” o‘yinidan nimani kutyapsiz?

Bugun Buxoroda ham muhim o‘yin bor. Maydon egalari – “Buxoro” jamoasi Namanganning “Navbahor” klubini qabul qiladi. Ikki xil maqsadi bor klublarning o‘zaro to‘qnashuvini kuzatish ham o‘ziga yarasha qiziq. Mezbonlar Superligada qolish uchun, mehmonlar esa sovrinli o‘rinlardan birini egallash uchun kurashyapti.

Jamoalarning turnir jadvalidagi holatidan xabardor bo‘lsangiz kerak. “Buxoro” 14 ochko bilan 13-o‘rinda. Ligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar orasida “Qizilqum” buxoroliklarning raqobatchilaridan biri sanaladi. Ular esa safarda “Bunyodkor” bilan uchrashuvda durang o‘ynadi. Natijada “Qizilqum” “Buxoro”dan 4 ochkoga ilgarilab ketdi.

Hozirgi vaziyat shundayki, maydon egalarini g‘alabadan boshqasi mutlaqo qoniqtirmaydi, durang ham. Aslida-ku, “Navbahor”ni yutgan taqdirda ham “Qizilqum”ga yeta olmaydi, ammo ochkolar borasida yaqinlashadi va bu buxoroliklarda ligada jon saqlab qolish yo‘lida umid hamda ishonch beradi. Mabodo, ochko yo‘qotgudek bo‘lsa, imkoniyatlari yana pasayishi tayin.

Ha, “Navbahor” “Buxoro”dan har tomonlama kuchli. Osiyo Chempionlar ligasida dastlabki ikkita turdan keyin bir durang va bir g‘alabani hisobiga yozdirib qo‘ydi. Chempionatda 37 ochko bilan 3-pog‘onada. Kecha “Nasaf” Qarshida “Neftchi”ni mag‘lub etdi va ochkolarini 39 taga yetkazib, 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Sezgan bo‘lsangiz, o‘z-o‘zidan “Navbahor”ni ham g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi.

Yana bir gap: “Buxoro” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev “Navbahor”ni mag‘lub etish yo‘llarini biladi. Buni “So‘g‘diyona”da ishlagan paytlarida ko‘rsatgan. Kuchli raqibiga qarshi mezbonlar baribir, birinchi navbatda himoyani mustahkam ushlash harakatida bo‘ladilar. Qarshi hujumda gol urishga intiladi. Bundan tashqari, “Buxoro”ning asosiy futbolchilaridan biri Shoxruz Norxonov birinchi davrani “Navbahor”da o‘tkazganini bilasiz.

Ammo u yerda hujumchi o‘zi uchun yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. Shu bois ikkinchi davrada o‘zining murabbiyi yoniga ketdi va “Buxoro”ni Superligada olib qolish yo‘lida yordam berishni xohladi. Endi u sobiq klubiga qarshi to‘p suradi va o‘zini qay darajada ko‘rsata olishini kuzatish ham qiziq, albatta.

“Buxoro” – “Navbahor” jamoalarining bugungi to‘qnashuvi 60-o‘yinga aylanadi. Bungacha bo‘lib o‘tgan 59 ta uchrashuvning 16 tasida “Buxoro”, 33 tasida “Navbahor” g‘alaba qozongan. 10 ta bellashuvda durang kuzatilgan. To‘plar nisbatidagi tafovut 62\106 namanganliklar foydasiga.

Birinchi davrada Namangandagi o‘yinda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. “Navbahor” oxirgi bor Buxoroda 2020 yili o‘ynagan bo‘lib, o‘shanda hisob ochilmagan. Ahamiyatlisi, namanganliklar ketma-ket ikki yil “Buxoro” maydonida 0:0 hisobida durang qayd etgan. 2018 yilgi chempionatda “Navbahor” mehmonda 1:2 hisobida yutgan va 3 ochkoni qo‘lga kiritgan. Mazkur g‘alaba hozircha namanganliklarni Buxoroda qo‘lga kiritilgan so‘nggi xursandchilik o‘yini bo‘lib turibdi.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Turlicha maqsadga ega bo‘lgan “Buxoro” - “Navbahor” o‘yinidan nimani kutyapsiz?