Foto: Getty Images
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi kengashi 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi o‘yinlar dasturiga 5 ta yangi sport turini kiritdi: kriket, bayroqli futbol, skvosh, lakross va beysbol/softbol.
Qayd qilish joiz, beysbol 1992 yilda Barselona olimpiadasi dasturiga kiritilgan, keyinchalik juda tor geografik tarqalishi tufayli dasturdan chiqarib tashlangan edi. 2028 yilda o‘z vatani Amerikada u yana Olimpiya dasturiga qaytadi.
Los-Anjeles olimpiadasidagi yangi sport turlarining aksariyati Amerika qit’asiga xos. Skvosh — tennisga o‘xshash, mohiyatan nafaqat raqibga, balki devorga qarshi ham o‘ynaladi. Lakross — Amerika hindulari orasida keng tarqalgan bo‘lib, uchiga to‘r joylangan tayoq yordamida to‘pni raqib darvozasiga tashlashdir. Bayroq futboli Amerikacha futbolning yengilroq versiyasi hisoblanadi, lekin unda kuch ishlatish taqiqlangan. O‘yinchilar raqibning soniga bog‘langan lentalarni yirtib tashlash orqali ularni to‘xtatib qolishadi.
Kriketning dasturga kiritilishi XOQ moliyaviy imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin. U 1900 yilgi o‘yinlarda ham dasturda bor edi, ammo dunyoda yetarlicha keng tarqalmagani uchun Olimpiya maqomini yo‘qotgan. Hozir bu umuman boshqa masala: kriket Buyuk Britaniyada hamon ommalashgan, biroq bir yarim milliardga yaqin aholiga ega Hindistonda juda mashhur. Dunyoning qolgan qismi bu haqda ko‘p narsa bilmaydi, lekin Hindistonda haqiqiy kriket megayulduzlari bor. Masalan, hindistonlik kriket afsonasi Virat Kohli ijtimoiy tarmoqlarda deyarli 300 million obunachiga ega. Sportchilar orasida faqat Krishtianu Ronaldu (600 milliondan ortiq) va Lionel Messida (deyarli 500 million) ko‘proq. Hindiston kriket bozori shu qadar jozibaliki, XOQ shunchaki chetda qarab tura olmadi.
XOQ Kengashi Olimpiya o‘yinlari dasturiga yangi sport turlarini kiritish to‘g‘risidagi qarordan tashqari, ikkita an’anaviy sport turi – zamonaviy beshkurash va og‘ir atletikaning taqdirini ham hal qildi.
Zamonaviy beshkurashning Olimpiya maqomi Tokio-2021 o‘yinlarida yuzaga kelgan janjal ortidan so‘roq ostida qolgan edi. Shu vaqtda germaniyalik sportchi Annika Shloy murabbiyi Kim Rayzner uning Saint Boy laqabli otini yuziga urdi. Hayvon o‘jarlik qilib, to‘siqlardan o‘tishdan bosh tortgan va Shloy medalni qo‘lga kiritolmay qolgan edi. Kim Rayzner bu qilmishi uchun diskvalifikatsiya qilindi, chunki ko‘plab hayvonlarni himoya qilish tashkilotlarining g‘azabini keltirdi.
Oqibatda, Xalqaro zamonaviy beshkurash federatsiyasi (UIPM) o‘z obro‘sini saqlab qolish uchun ot sporti komponentidan voz kechishga qaror qildi. Musobaqaning ot sporti qismi to‘siqlardan o‘tish bilan almashtirildi. XOQ kengashi ushbu islohotni to‘g‘ri deb topdi va zamonaviy beshkurashni 2028 yilgi o‘yinlar dasturiga kiritishni tavsiya qildi.
Og‘ir atletikaga kelsak, uzoq davom etgan doping mojarolari tufayli uning Olimpiya maqomi so‘roq ostida qolgan edi. Biroq XOQ Kengashi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) sportchilar tomonidan taqiqlangan dori vositalarini keng qo‘llash amaliyotini to‘xtatish uchun yetarlicha ish olib bordi, deb hisobladi. Natijada, og‘ir atletika ham o‘z Olimpiya maqomini saqlab qoldi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring