13:00 / 11.11.2023
205

Davron Fayziyev: "Kubok finalida g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadi"

Davron Fayziyev: "Kubok finalida g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadi"

12 noyabr kuni Qarshida O‘zbekiston Kubogi finali bo‘lib o‘tadi. Unda g‘oliblik uchun “Nasaf” bilan OKMK kuch sinashishini yaxshi bilasiz. Endi barcha e’tibor ushbu uchrashuvga qaratilgan.

Hamma narsa faqat bitta o‘yinda hal bo‘ladi. Jamoalar bunday paytda o‘zidagi ichki zaxira kuchlarini ham sarflashlari tabiiy hol. Ko‘pchilik bellashuv oldidan jamoalarning kuchi va imkoniyati borasida turli fikrlarni bildirishyapti. Bu borada jizzaxlik mutaxassis Davron Fayziyev Sports.uz uchun quyidagilarni aytdi.

“Uchrashuvda hamma narsa yuqori o‘ringa chiqadi”

- O‘zbekiston Kubogi finalidagi g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadi. Lekin qaysi biri g‘olib bo‘lishini ayta olmayman. Nima uchun penaltilar seriyasi? Ikkala jamoani tajribasiga tayangan holda aytyapman. “Nasaf” ham, OKMK ham Osiyo Chempionlar ligasida qatnashishyapti. Ha, OKMKning sensatsion tarzdagi mag‘lubiyatidan keyin finalda ko‘proq himoyaga e’tibor qaratib penaltilar seriyasigacha boradi, degan fikrdaman. “Nasaf”ning plyus tomoni ichki chempionatda ham, OCHLda ham yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. O‘z maydonida o‘ynayotgani qaysidir tomonlama ustunlik beradi, chunki muxlislari ko‘z o‘ngida to‘p surishadi. Ammo ishqibozlar tomonidan bosim ham bo‘ladi. Baribir “Nasaf” asosiy vaqtda g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Bu o‘yin murabbiylarning qanday taktika qo‘llashiga ham bog‘liq bo‘ladi. Ushbu uchrashuvda hamma narsa yuqori o‘ringa chiqadi.

“O‘yinni stadionda tomosha qilaman”

- To‘g‘risini aytsam, jamoalarni finalga yetib kelishini kutmagandim. Masalan, “Nasaf” yarim finalda “Dinamo”ga qarshi katta qiyinchilikka duch keldi. OKMK “Navbahor” bilan durang o‘ynab, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Masalan, “Paxtakor”ning Kubokdan barvaqt chiqib ketishi ham kutilmagan holat bo‘ldi. “Nasaf”ni “Turon”dan qanday qiyinchilik bilan o‘tganini eslash kerak. Balki “Turon” yoki “Dinamo”ni finalda ko‘rish ham mumkin edi. Bu ham omadga bog‘liq. Omad har doim kuchlilarga kulib boqadi. Adashmasam, oxirgi marta penaltilar seriyasi “Bunyodkor” – “Paxtakor” o‘yinida yuz bergandi, 2008 yili bo‘lsa kerak. Bu yilgi Kubok finalini Qarshida, stadiondan turib tomosha qilaman, Xudo xohlasa. Bunday o‘yinlar har doim bo‘lavermaydi.

“Agar OKMK Kubokni yutsa, barcha omadsizliklari unutiladi”

- OKMK OCHLda kutilmaganda yirik hisobda yutqazdi va endi Kubok finalida jamoaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi asosiy o‘ringa chiqadi. Ruhiy tomonlama bu mag‘lubiyatdan keyin finalda o‘ynash og‘ir bo‘ladi. Insonni ichki kuchi bo‘ladi, bu hammada bor. Shu narsani ishga solishsa barcha narsa esdan chiqadi. Agar OKMK Kubokni yutsa, omadsizliklar unutib yuboriladi. Shu bois ularda ham umid bor. Aslida yirik mag‘lubiyatlar har qanday jamoa bilan sodir bo‘lishi mumkin. Ha, bunday natijani birov kutmagandi. Peshonada bor ekan, shuni ko‘rishdi. Kubok finalida imkoniyatlar 50x50. G‘olib jamoa kelasi yili yana OCHLda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

“Chempionat qiziq o‘tyapti”

- Bu yilgi chempionat qiziq o‘tyapti. Masalan, “Paxtakor” mag‘lubiyatlari bilan ham baribir chempionlikka yaqinroq turibdi. Boshqa klublar uning mag‘lubiyatlaridan foydalana olmadi. Masalan, “Nasaf”ni o‘z uyida “Qizilqum” bilan durang o‘ynashi yoki “Bunyodkor”ga yutqazib qo‘yishini hech kim kutmagan bo‘lsa kerak. OKMK ham uyida bir qancha ochkolarni boy berdi. “Navbahor”da ham yo‘qotilgan ochkolar bo‘ldi. Intriga kuchli bo‘lyapti. Pastki o‘rinlarda ham xuddi shunaqa.

Shuhratbek Jo‘rayev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Davron Fayziyev: "Kubok finalida g‘olib penaltilar seriyasida aniqlanadi"