Navoiylik mutaxassis Hamidjon Aktamov futbol ishqibozlariga juda yaxshi tanish. Ayniqsa, “Qizilqum”dagi faoliyati orqali yaxshigina nom qozongan. O‘zbekiston Kubogi finalini hamma qatori Aktamov ham kuzatdi. Sports.uz muxbiri esa ushbu mutaxassis bilan bog‘landi.
- O‘zbekiston Kubogi finalida “Nasaf” OKMKni mag‘lub etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘yin siz kutgandek o‘tdimi?
- O‘yin zo‘r bo‘ldi. Finalga mos uchrashuv ko‘rdik. To‘g‘risini aytsam, oxirgi paytlarda bunday o‘yinni kuzatmagandim. “Nasaf” ham, OKMK ham zo‘r o‘ynadi. Omad degan narsa bor. Teng o‘yin bo‘ldi. Penalti hammasini hal qildi. “Nasaf” yaratgan atmosfera yoqdi. Muxlislar stadionda xuddi yevropacha muhitni yaratdilar. Qashqadaryoda hamma vaqt mana shunday o‘yinlar zo‘r o‘tgan. Ishqibozlar stadionni to‘ldirib turadilar. Chiroyli bo‘ldi. Hech kimga paxta qo‘ymayman, rostakamiga bu yil PFL zo‘r ishlayapti. Tashkilotchilik tomonidan ajoyib bo‘ldi.
- Belgilangan penaltiga qanday munosabatdasiz?
- Penalti masalasida hech nima deya olmayman. Oxirgi paytlarda hamma shunaqa mavzuni muhokama qilyapti. Biz bilmaymiz, buni hakamlar hal qiladi.
- Sizni yana futbolda ko‘rishimiz mumkinmi?
- Xudo xohlasa, shunaqa niyatim bor. Ko‘ramiz.
- Sobiq klubingiz – “Qizilqum”ning bu yilgi ishtirokiga qanday baho berasiz?
- “Qizilqum” ikkinchi davrada yaxshi harakat qilyapti. Ijobiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi. Jamoa o‘yini yaxshilangan. Bu – futbol. Yana nima deyman? Jamoa ikkinchi davrada kuchaydi. Buni natijalari ham ko‘rsatyapti.
- “Qizilqum” o‘yinlarini stadionda kuzatyapsizmi?
- Ha, o‘yinlariga borib turaman. Bir-ikkita uchrashuvlarda omadi kelmadi. Lekin omad keladi. Umumiy ma’noda, klub yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti.
- Chempionlikka “Paxtakor” juda yaqin turibdi...
- Ha, baribir shubhasiz “Paxtakor” chempion.
- Bu yilgi chempionatimiz sizga yoqyaptimi?
- Yaxshi, qiziqarli o‘tyapti. Hali kim ligani tark etishi va g‘olib bo‘lishi aniq emas. Shunaqa bo‘lsa, futbolimizda o‘sish bo‘ladi. PFL chempionatni yaxshi o‘tkazyapti, qoyil.
- Lekin “Buxoro” muddatidan oldin Superligani tark etdi...
- Ha, 2 ta tur oldin shunday bo‘ldi. Oldinlari 10 yoki 8 ta tur oldin kim tushib ketishi ma’lum bo‘lib qolardi. Hali “Turon”da ham, “Qizilqum”da ham imkoniyat bor. “So‘g‘diyona” ham qolish uchun kurashyapti. Bu jamoa ham xavfli hududda turibdi, hali vazifasini bajargani yo‘q.
- “Qizilqum”ni jon saqlab qolishiga qanchalik ishonyapsiz?
- Albatta, “Qizilqum”ga omad tilayman va ligada qolishining tarafdoriman. Futbolchilardan borlarini berib o‘ynashlarini iltimos qilamiz. Ikkala uchrashuvda yaxshi natija ko‘rsatsa qolishi mumkin. Hammaga omad tilayman.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring