Ivan Boshkovich: "Ko‘rsatgan jamoaviy o‘yinimizdan mamnuman. Futbolchilarim atayin yotib olishmadi"
Sosa Sola Superliganing 25-turi doirasida "Nasaf" maydonidagi durangdan keyin "So‘g‘diyona" bosh murabbiyi Ivan Boshkovich fikrlarini bildirdi.
- O‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Yaxshi jamoaga qarshi tayyorlanishga yetarlicha vaqtimiz bor edi. Bu yerda o‘ynash oson bo‘lmasligini bilardik. O‘yindan oldin barchaga ayon ediki, bugun bizga ochkolar juda muhim edi. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi. "Nasaf" yaqqol ustunlik qilmadi. Birinchi bo‘limdan mamnunman. Ikkinchi bo‘limda bizga katta bosim uyushtirildi. Natija uchun o‘ynadik. Bizda vaziyat shuni taqozo qildi. "Nasaf" bizni bosim ostiga solib qo‘ydi, biroq biz oxirigacha turib bera oldik. Doimo shunday bor kuchni berib kurashish kerak. Ochko qo‘lga kiritgan futbolchilarimni tabriklayman. Bu biz uchun yaxshi natija.
- "Nasaf"ga g‘alaba uchun nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
- "Nasaf" o‘z vazifasini bajargan, jamoa sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritadi va kelasi yili OCHLda o‘ynaydi. Har mavsumda jamoaning chempion bo‘lishi uchun nimadir yetishmay qoladi. Men ham "Nasaf"ga tegishli bo‘lganman. Ularning chempionlik vaqti keladi.
- Siz "Nasaf"da o‘ynagan vaqtlar ham chempionlikka nimadirlar yetishmagan.
- Bu yerda faktorlar ko‘p, ular natijaga katta ta’sir o‘tkazishgan. Masalan, jarohatlar, yangi legionerlar jamoaga ko‘nikib olguncha ko‘plab xatolar qilingan. Balki navbatdagi mavsum ular uchun omadli bo‘lar.
- Nega futbolchilaringiz maydonda juda ko‘p yotib olishdi?
- Faqatgina jarohat bo‘lsa yotishmoqda. Ayrim vaziyatlarda raqiblar ko‘pol o‘ynaganida hakam jim bo‘lib turdi. Hech qanday jarima bo‘lmaganini aytdi. Futbolchilarim atayin yotib oldi deya olmayman. U yerda qoida buzilish holatlari bo‘lgani aniq.
- Bugungi o‘yinda hakamlarning o‘yinga ta’siri qanday bo‘ldi?
- Yildan yilga hakamlik yaxshilanib kelayotgandi. Biroq so‘nggi vaqtlarda hakamlik borasida ko‘plab e’tirozlarni eshityapman. Agarda biror jamoa ligada qolish uchun kurashayotgan bo‘lsa-yu, uning mag‘lubiyatiga ta’sir qiladigan qaror chiqarilsa, haqiqatdan ham bu yomon holat. "Buxoro" bilan bo‘lgan holatda achindim. Biz yildan-yilga barchasi yaxshi bo‘lishi uchun harakat qilishimiz kerak. Ha, o‘sha xatolar atayin qilinmagan bo‘lishi mumkin. Fakt bu fakt.
- "So‘g‘diyona" ushbu mavsum o‘z imkoniyatlaridan past o‘ynamoqda. Buning sababi nimada?
- Jamoani kuchsiz deb bo‘lmaydi. Jamoaning yetakchilarsiz qolib, ko‘rsatgan o‘yinidan mamnunman. Biz futbol o‘ynashga, raqobatbardosh bo‘lishga harakat qildik. Mag‘lub bo‘lgan ko‘plab o‘yinlarimizda individual xatolar sabab bo‘ldi. Kollektiv o‘yin bizda yomon bo‘lmagan. Chunki yaxshi vaziyatlar yaratdik, ko‘plab zarbalar berdik, to‘pni ushlab turdik, bularning statistikalari bor. Kelasi yil uchun poydevor yaratib oldik. Bu ham jarayonning bir qismi. Ushbu mavsumda bir ish qilib, kelasi mavsumda barchasini boshidan boshlaydigan odam emasman. Jamoa kelasi yili yanada yaxshiroq bo‘lishi kerak. Ushbu mavsumda ko‘plab yoshlarga imkon berdik, ular tajriba to‘plab olishdi. Bizda kelasi yil uchun poydevor bor. Ayrim futbolchilar ushbu mavsumdagidan ko‘ra yaxshiroq o‘ynay olishadi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring