Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 6-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" – "Al Fayha" bahsi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida Saudiya klubi bosh murabbiyi Vuk Rasovich va futbolchi Sultan Mandashlar ishtirok etishdi.
"Paxtakor"dek katta jamoaga qarshi o‘ynash biz uchun katta faxr. pley-offga chiqish masalasi o‘z qo‘limizda. Biz bu yerda chiroyli futbol va o‘zimizning yaxshi jihatlarimizni namoyish etish uchun keldik", - dedi Vuk Rasovich.
"Ertaga kuchli jamoaga qarshi o‘ynaymiz, lekin maydonda eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga intilamiz. "Paxtakor" jamoasi bizni iliq kutib oldi va mehmondo‘stlik namoyish etdi. Ularga katta rahmat", - dedi Sultan Mandash.
- "Al Fayha" jamoasini Saudiyaning OCHLda ishtirok etayotgan boshqa jamoalari bilan solishtirsak. "Al Fayha"ning ishtirokini qanday baholaysiz va jamoaning ushbu musobaqadagi maqsadi qanday?
- Biz uchun eng muhim vazifa - har bir uchrashuvda eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etish va maydonda borimizni berish. OCHL biz uchun yangi musobaqa va yangi tajriba. Yana bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak, biz juda qiyin guruhdan joy oldik. Barcha jamoalar bir-biridan ochko tortib oldi va har bir uchrashuv juda qiziqarli o‘tmoqda.
- Ikki oy avval "Paxtakor"ni o‘z o‘yingizda mag‘lub etgan edingiz. Shu qisqa vaqt ichida "Paxtakor"da nimalar o‘zgardi deb o‘ylaysiz?
- O‘sha uchrashuvda g‘alaba qozonganimizga qaramay, ancha qiyin uchrashuv bo‘lgan edi. Biz o‘sha uchrashuvda "Paxtakor"ni mag‘lub etishga majbur edik, sababi 1-turda mag‘lubiyatga uchragan edik. "Paxtakor" ko‘p vaziyatlar yaratib, ulardan foydalana olmagan edi. Jamoalarda o‘zgarish bo‘lgani shubhasiz. Ertaga raqib bizga katta muammolar tug‘dirishi aniq.
- Jamoangiz birinchi to‘qnashuvda juda yaxshi o‘yin namoyish etgandi va bir nechta futbolchilarni eslab qolgandim ham. Saudiyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda "dubl" qayd etgan Abdulrahmon Sabiri ertaga maydonga tushadimi? U so‘ngi uchrashuvlarda zaxirada qoldirildi.
- Bizda bir nechta asosiy tarkib futbolchilari jarohatlangan. Bu katta muammo, biroq biz ushbu holatni yengib o‘tishimiz kerak. Siz aytib o‘tgan Sabiri tizzasidan jarohat olgan va shu sabab yana bir oy davomida maydonga tusha olmaydi. Uning o‘rnini bosa oladigan futbolchilarimiz bor.
Sultan Mandash: "Al Fayha" ertaga OCHLdagi so‘ngi uchrashuvini o‘tkazishi mumkin. Jamoa Chempionlar ligasida debyut mavsumini o‘tkazdi.
- Osiyo chempionlar ligasi bu boshqa daraja. "Al Fayha" birinchi marotaba ishtirok etayotganiga qaramay, shaxsan mening OCHLdagi uchinchi ishtirokim. Chempionlar ligasida ishtirok etish boshqacha daraja va boshqacha hissiyotlar. Biz ertaga yurishimizni davom ettirishga harakat qilamiz. Bosh murabbiyimizga rahmat aytib o‘tmoqchiman, sababi u bizni chempionlar ligasida o‘ynay olishimizga ishontira olgan edi.
- "Al Fayha" Saudiya Pro-ligasining so‘ngi turida mag‘lubiyatga uchradi. Raqib "Paxtakor" esa muddatdan avval chempionlikni nishonladi. Ushbu jihat jamoangiz uchun qo‘shimcha bosim bo‘ladi?
- Bu har xil musobaqalar. Chempionat va chempionlar ligasi har xil daraja. Biz so‘ngi turda mag‘lub bo‘ldik, ammo shunga qaramay asosiy maqsadimiz g‘alaba qozonish.
- O‘zbek futboli bilan qanchalik tanishsiz?
- Faoliyatim davomida bir nechta o‘zbekistonlik futbolchilar va murabbiylar bilan ishlaganman. Ular bilan hali hamon aloqadaman va ularni hurmat qilaman.