O‘zbek futboli tarixida birdaniga ikki futbolchimiz bir paytda Yevropaning kuchli beshlik ligalarida o‘ynamoqda. Italiya A Seriyasida Eldor Shomurodov “Kalyari”, Fransiya yuqori divizioni – Liga 1da Abduqodir Husanov “Lans” a’zosi hisoblanadi.
19 yoshli Abduqodir Husanov sekin-asta jamoasining asosiy tarkibidan joy olishga intilyapti. Legionerimiz o‘zi qatnashgan o‘yinlarning aksariyatida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgani uning “Lans”da o‘rni borligi va murabbiylar shtabi ishonchini qozona olayotganidan dalolat beradi.
Aksariyat Yevropa ligalarida bo‘lgani kabi Fransiya chempionatida ham qishki tanaffus e’lon qilindi. Mavsumni juda og‘ir boshlagan “Lans” musobaqaning birinchi qismida yettinchi o‘ringa ko‘tarilib olishni uddaladi va Frank Xeyz shogirdlari bundan buyog‘iga Yevropa kuboklariga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi.
Fransiya futboli ekspertlari ham mavsumning birinchi qismini tahlil qilishni davom ettiryapti. Frank Xeyz boshchiligidagi murabbiylar shtabi mavsum boshidan beri Fransiya chempionati va Yevropa Chempionlar doirasida o‘tkazilgan jami 23 ta uchrashuvda 25 nafar futbolchi xizmatidan foydalangan.
Statistikaga ko‘ra, faqatgina bir futbolchi – darvozabon Bris Samba barcha uchrashuvlarda to‘liq o‘ynagan va maydonda 2070 daqiqa harakat qilgan. 23 ta bellashuvda qatnashgan ikkinchi o‘yinchi Salis Abdul Samed bo‘ldi. Biroq uning maydondagi daqiqalari zaxiralar evaziga jami 1744 daqiqani tashkil qildi.
Asosiy himoyachilar – Kevin Danso hamda Fakundo Medina 21 tadan o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsa-da, maydonda Salis Abdul Sameddan ko‘proq bo‘lgan. Ular mos ravishda 1890 va 1771 daqiqa to‘p tepgan.
Sports.uz Abduqodir Husanovning statistikasiga e’tibor qaratadi.
Iste’dodli legionerimiz milliy chempionat va Yevropa Chempionlar ligasida sakkizta o‘yinda qatnashdi va umumiy hisobda 439 daqiqadan ko‘proq o‘ynadi.
Husanov Liga 1 tur o‘yinlarida “Mes”, “Lill”, “Klermon”, “Reyms” va “Nitssa”ga qarshi bahslarni boshlang‘ich tarkibda boshladi va ulardan uchtasini to‘liq o‘tkazdi. 15-turda “Monpele” maydonida kechgan bellashuvda 65-daqiqada zaxiradan o‘ringa qo‘shildi.
Abduqodir Husanov joriy mavsumda Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etgan yagona o‘zbekistonlik futbolchi nomini oldi. Hamyurtimiz “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turnirida ikki marta zaxiradan maydonga tushdi.
Legionerimizning bu musobaqadagi tarixiy debyuti Londondagi “Emireyts” stadionida “Arsenal”ga qarshi kechgan uchrashuvga to‘g‘ri keldi. Abduqodir “kanonirlar”ga qarshi 28 daqiqa o‘ynadi. “Sevilya” bilan Lansda bo‘lgan to‘qnashuvda Husanov so‘nggi daqiqada maydonga tushirildi.
“Lans” faoliyatini yoritishda faollik ko‘rsatib kelayotgan lensois.com sayti jamoa muxlislari o‘rtasida yangi kelgan futbolchilardan chempionatning birinchi qismida eng yaxshi o‘yinchini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, Abduqodir Husanov marokashlik yarim himoyachi Nil Al-Aynaui va tajribali himoyachi Ruben Agilar bilan birga kuchli uchlikdan joy oldi.
Fransiya chempionati jamoalari qishki tanaffusdan 12 yanvarda qaytadi. “Lans” futbolchilari 14 yanvar kuni amaldagi chempion PSJni qabul qiladi. Abduqodir Husanov bu uchrashuvlarda ishtirok etmaydi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 12 yanvardan 10 fevralgacha Qatarda tashkil etladigan Osiyo kubogi musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring