16:16 / 13.01.2024
162

Osiyo Kubogi. Turnir favoritlari, stadionlar va musobaqaga oid boshqa ma’lumotlar

Osiyo Kubogi. Turnir favoritlari, stadionlar va musobaqaga oid boshqa ma’lumotlar

Qatarda yashil maydonlari mezbonlik qiladigan Osiyo Kubogi musobaqasi 12 yanvar kuni start oldi. Saralash bosqichida ishtirok etgan 46 ta jamoadan 24 tasi final bosqichiga yo‘l oldi. Aynan ular 12 yanvardan 10 fevralga qadar sovrin uchun kurash olib boradi.

Foto: Spors

Format qanaqa?

Har birida 4 tadan terma jamoa bo‘lgan 6 ta guruh mavjud. 1/8 finalga birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar hamda eng yaxshi natija qayd etgan 4 ta uchinchi o‘rin egalari yo‘l oladi.

Guruh bosqichi quyidagicha ko‘rinish olgan:

A guruhi: Qatar, Xitoy, Tojikiston, Livan.

B guruhi: Avstraliya, O‘zbekiston, Suriya, Hindiston.   

C guruhi: Eran, BAA, Gonkong, Falastin.

D guruhi: Yaponiya, Indoneziya, Iroq, Vetnam.

E guruhi: Janubiy Koreya, Malayziya, Iordaniya, Bahrayn.

F guruhi: Saudiya Arabistoni, Tailand, Qirg‘iziston, Ummon.

Asosiy favoritlar

Foto: Spors

Har qanday Osiyo Kubogida bo‘lgani kabi ushbu musobaqada ham Yaponiya terma jamoasi asosiy favorit hisoblanadi. Shuningdek, Avstraliya, Eron, Janubiy Koreya, Qatar va O‘zbekiston terma jamoalari ham g‘oliblik uchun kurash olib borishga harakat qiladi.

Ulardan keyingi o‘rinlarda Xitoy, Suriya, BAA, Falastin, Iordaniya, Bahrayn va Ummon kabi terma jamoalar joy olgan. Har bir guruhda pley-offga chiqishi kutilmagan hisoblanadigan terma jamoalar ham mavjud — Livan, Hindiston, Gongkong, Indoneziya, Malayziya va Qirg‘iziston.

Osiyo Kubogi jamoalari FIFA reytingida 23-o‘rindan (Eron) to 155-o‘ringacha (Indoneziya) joylashgan.

O‘yinlar bo‘lib o‘tadigan stadionlar

Foto: Spors

2019 yilda turnir mezbonligi Xitoyga topshirilgandi.. Biroq oradan 3 yil o‘tib, kovid cheklovlari tufayli musobaqa Xitoyda o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Avstraliya, Indoneziya, Qatar va Janubiy Koreya mezbonlikni taklif qilgandi, keyinchalik avstraliyaliklar va indoneziyaliklar kurashdan chiqdi. Osiyo Kubogi mezbonligi Qatarda bo‘lib o‘tishi belgilandi va shu bilan birga o‘yinlar 2023 yilning yozidan 2024 yilning boshiga ko‘chirildi.

2022 yilgi Jahon Chempionatidan tanish bo‘lib qolgan barcha yettita stadion (“974”dan tashqari) o‘yinlarni qabul qiladi. Osiyo Kubogida 9 ta arenadan foydalaniladi: 2 ta qo‘shimcha stadion — Ar-Rayyandagi 15 ming tomoshabin sig‘adigan “Jassim bin Hamad” hamda Dohadagi 10 ming sig‘imga ega “Abdulla bin Halif” stadionlar o‘yinlarni qabul qiladi. Birinchisi 1970 yilda qurilgan, 2010 yilda rekonstruksiya qilingan, ikkinchisi esa 11 yil oldin ochilgan.

Shaharlar Jahon Chempionatidagi kabi: Doha, Lusail, Al-Haur, Al-Vakra va Ar-Rayyan. Ochilish o‘yini bo‘lgan Qatar va Livan o‘rtasidagi bahs (3:0) “Lusail”da bo‘lib o‘tdi. Aynan shu stadionda Argentina va Fransiya o‘rtasida mundial finali bo‘lib o‘tgandi.

Terma jamoalar haqida

Foto: Spors

  • Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida Yaponiya Germaniya va Ispaniyani mag‘lub etgan (keyinchalik nemislar ustidan o‘rtoqlik o‘yinida ham 4:1 hisobida zafar quchgan), biroq penaltilar seriyasidagi muvaffaqiyatsizlik tufayli chorak finalga chiqa olmagandi. Mundialda qatnashgan tarkibning yarmidan ko‘prog‘i — 14 nafar futbolchi Osiyo Kubogida ishtirok etadi. Muxlislar Vataru Endo (“Liverpul”), Kaoru Mitoma (“Brayton”), Takumi Minamino (“Monako”), Takexiro Tomiyasu (“Arsenal”), Ritsu Doana (“Frayburg”), Takumi Asano (“Boxum”), Takefuso Kubo (“Real Sosedad”) va Dayzena Maeda (“Seltik”) kabi futbolchilarni ko‘rishi mumkin. Shu bilan birga bosh murabbiy Hadzime Moriyasu “Latsio” futbolchisi Daiti Kamada, JCH qahramonlaridan biri Ao Tanaka va o‘tgan mavsum Shotlandiya chempionatida 27 ta gol urgan Kego Furuxasilarni tarkibga qo‘shmasdan hammani hayron qoldirdi.

  • O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada jiddiy yo‘qotish bilan tashrif buyurdi. Jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar va hozirgi kundagi yetakchi Eldor Shomurodov jarohati sababli terma jamoaga yordam bera olmaydi. Musobaqa boshlanishiga oz muddat qolganda himoyachi Husniddin Aliqulov ham jarohat olib, safdan chiqdi. Shunga qaramasdan O‘zbekiston oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan. Jamoa sardori Jaloliddin Masharipov matbuot anjumanida kamida kuchli 4 likka kirish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Spors

  • Avstraliyaliklar JCHda ishtirok etgan tarkibning yarmini Qatarga olib kelmadi. Lekin sardor Metyu Rayan (“AZ”) bor, shuningdek, mundialda gol urgan Kreyg Gudvin (“Adelaida Yunayted”) va Mitchell Dyuklar (“Fajiano Okayama”) ham tashrif buyurgan. Mettyu Lekki, Massimo Luongo, Aydin Hrustich yoki Fran Karachich kabi futbolchilar yo‘q, har birida turlicha sabablar bor: Lekki jarohat olgan, Luongo terma jamoadan ketgan, Hrustich esa so‘nggi vaqtlarda “Verona”da o‘ynamayapti, Karachich yozdan buyon jamoasiz.
  • Eron musobaqaning eng yoshi katta jamoalaridan biri, faqatgina uch futbolchi 27 yoshdan kichik. Muxlislarni xavotirga solayotgan ikkinchi sabab — Mehdi Taremining “Portu”dagi natijalari pasaygani: so‘nggi to‘rt mavsum davomida Portugaliyada 76 ta gol urgan futbolchi joriy mavsumda atigi 3 ta golga mualliflik qildi. Ammo eng tajribali Alirizo Beynranvand (“Persepolis”), Alirizo Jahonbaxsh (“Feyenoord”) va Karim Ansarifard (“Omoniya”) va Sardor Azmun (“Roma”) Osiyo Kubogida terma jamoasining 50-golini urishga umid qilmoqda (hozir 49 ta gol bor).

Foto: Spors

  • Yurgen Klinsmann boshchiligidagi Janubiy Koreya terma jamoasida butun e’tibor superklublarda to‘p suradigan uch futbolchiga tushadi — Kim Min Chje (“Bavariya”), Li Kan In (“PSJ”) va Son Hyon Min (“Tottenhem”). Koreyada Klinsmann tanqidlar ostida qolmoqda. Mutaxassis o‘tgan yili yozda yomon natijalar, dastlabki 6 oyda mamlakatda atigi 67 kun o‘tkazib, qolgan paytda Kaliforniyadan turib, Zoom orqali matbuot anjumani o‘tkazgani uchun jiddiy tanqid qilingandi. Germaniyalik murabbiyning o‘zi turnirdagi g‘alabadan boshqa har qanday natija omadsizlik ekanligini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekiston terma jamoasi turnirdagi yurishini Suriyaga qarshi bahs bilan boshlaydi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo Kubogi. Turnir favoritlari, stadionlar va musobaqaga oid boshqa ma’lumotlar