O‘zbekiston terma jamoasi sardori Jaloliddin Masharipov Osiyo kubogi-2023 "B" guruh 1-tur doirasidagi O‘zbekiston — Suriya o‘yinidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Jamoamiz bugun ikki ochko yo‘qotdi degan fikrga qo‘shilaman.
Bugun bizda Osiyo kubogidagi ochilish va muhim o‘yin bo‘lgani uchun biroz hayajon sezildi. Men bu Suriyaning eng zaif tarkibi deb bilaman. Ular faqat himoyaga yotib olishdi va hujumga chiqishmadi. Kirishga qiynaldik, ammo 1-2 vaziyatimiz bo‘ldi va ulardan bittasidan gol urishimiz kerak edi. Bunday o‘yinlarda juda kam imkoniyat bo‘ladi.
Bugun O‘zbekiston terma jamoasining 60 foiz o‘yinini ko‘rsata oldik deb o‘ylayman. Keyingi o‘yinlarda bunday bo‘lmaydi. Bugun bosim va muxlislar tomonidan kutilayotgan natija ta’sir qildi va shu sabab ehtiyotkorlik bilan o‘ynadik.
Avstraliya — Hindiston o‘yinini ko‘rdim. Agar darvozabonning xatosi bo‘lmaganda Avstraliyaning gol urishi juda qiyin bo‘lardi. Hindiston ham huddi shunday 11 o‘yinchi bo‘lib orqaga yotib olgan va keyingi o‘yin ham huddi shunday o‘ynaydi. Albatta, keyingi bahsda xudo xohlasa gol uramiz.
Avstraliya terma jamoasida hozirda ancha pasayish bor va bu eng zaif tarkibi deb o‘ylayman. Ulardan bunday o‘yin kutmagandik, Hindistonning kichik xatosidan gol urib ketishdi. Keyinchalik hindistonlik o‘yinchilar o‘yinni biroz tashlab yubordi.
Murabbiy o‘yinni ko‘rib chiqadi. Hindiston bilan o‘yinda oldinda hujumchi bo‘lgani yaxshi deb o‘ylayman. Sababi ko‘proq gol urishimiz ham kerak", - deydi Masharipov.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring